21 Fevral 2022 yil 788

Yo’l harakati qoidalarni buzmang

2021 yilda Jizzax viloyatida 447 ta yo’l transport hodisasi sodir bo’ldi. CHunonchi, 151 ta holatda avtulovlar to’qnashgan, 52 ta avtomashina ag’darilgan, 11 holatda transport vositalari to’xtab turgan avtoulovlarga, 27 holatda esa to’siqlarga urilgan.

SHuningdek, 26 nafar velosipedchi yo’l-ulov hodisalarida jabrlandi. 175 holatda esa piyodalarga aziyat yetdi. Ulardan 92 nafari bolalardir. Umuman olganda yo’l-transport hodisalarida 372 nafar fuqaro jiddiy jarohatlangan, ulardan 152 nafari hayotdan ko’z yumgan.

Bu raqamlar ortida o’lim va nogironlik bilan bog’liq qanchalar g’am va tashvish borligini tasavvur qilish qiyin emas. Aytish joiz, noxush hodisalarning aksariyati haydovchilarning yo’l harakati qoidalariga amal qilmasliklari, qoidalarni bilmasliklari, mast holatda transport vositasini boshqarishlari, tajribasizlik, qolaversa yo’lning belgilanmagan joyidan kesib o’tayotgan piyodalarga yo’l bermaslik sabab sodir bo’lmoqda.

Piyodalarda ham ayb yo’q emas. Yo’lning belgilanmagan joyidan kesib o’tish, yo’lni kesib o’tayotgan vaqtda aloqa vositalaridan foydalanish, yoritilmaydigan yo’llar chekkasida harakatlanish ko’ngilsiz hodisalarni keltirib chiqarmoqda. 20 holatda piyodalar mast holatda yo’lni kesib o’tganliklari yoki serqatnov yo’l yoqasida harakatlanganliklari tufayli jabrlanishdi.

SHu bilan birga bolalarni qarovsiz qoldirish, ularning yo’l harakati qoidalarini bilmasliklari, voyaga yetmaganlarning serqatnov yo’llarda kattalar nazoratisiz harakatlanishi, yo’l bo’ylarida o’ynashlari natijasida ayanchli voqealar ro’y bergan. Jumladan, 2021 yili viloyatda 13 nafar bola avtohalokatlar bois vafot etgan.   

Bu mavzuda so’z yuritib, kimningdir dilini xira qilishni ko’zda tutmaganmiz. Niyatimiz boshqalarni xushyorlikka undash. Demoqchi bo’lganimiz, qoidalarga amal qiling, yo’llarda harakatlanayotganingizda o’zgalarga hurmat bilan munosabatda bo’ling. SHunda hammasi joyida bo’ladi.       

 

Abbos DADASHOV

Jizzax viloyati IIB YHXB inspektori, safdor.

 

Text to speech