Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan faoliyati, xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorining ijrosiga oid matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Ochiq muloqotda jurnalistlarning savollariga Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov javob qaytardi.
Ommaviy axborot vositalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat
axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, tashkilot va korxonalarning
axborot xizmatlari vakillari hamda blogerlar ishtirokida uyushtirilgan matbuot anjumani
avvalida Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov fuqarobay
va xonadonbay o`rganish orqali aholi muammolariga echim topish, sodir etilgan
jinoyatlarni omma ishtirokida muhokama qilish, mahalla ettiligining
qonunbuzarliklar profilaktikasi borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish borasida
belgilanayotgan chora-tadbirlar xususida so`z yuritdi.
Shuningdek, notiq davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025
yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo`yicha
chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori asosida qilinayotgan va rejadagi ishlar
haqida ham ma’lumotlar berdi. Chunonchi, viloyatdagi 309 ta mahalladagi
kriminogen vaziyat tahlil qilinib, jinoyatlarning oldini olish bo`yicha yo`l
xaritasi tayyorlangani va mazkur xaritada belgilangan vazifalarning ijro
etilishini nazorat qilish maqsadida idoralararo muvofiqlashtirish ishchi
guruhlari tashkil qilinganligini bayon qildi.
O`z navbatida, kriminogen vaziyati og`ir bo`lgan 63 ta mahallaning har
biriga hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan mas’ullar
biriktirilgan. Xuddi shunday, viloyatda 312 ta namunaviy xavfsiz ko`cha va
yo`laklarni tashkil qilishga qaratilgan tadbirlar izchillik bilan amalga
oshirilayotgani bildirildi.
Bu ko`cha va yo`laklarda fuqarolarning xavfsiz harakatlanishi uchun
hamma sharoitlar yaratilishi, binobarin, obodonlashtirilishi, yoritilishi,
kuzatuv kameralari nazoratiga olinishi ma’lum qilindi. Umuman olganda, yil
yakuniga qadar viloyatdagi mahallalarga 6 ming 440 ta kuzatuv kameralari
o`rnatish rejalashtirilgan. Mazkur qurilmalarning 1180 tasi aylanuvchi, 1 ming
360 tasi yuz va avtoraqamlarni tanish xususiyatiga ega bo`ladi.
Qolaversa, muqaddam sudlanganlar, ma’muriy nazorat ostidagilar, jazoni
ochiqda o`tayotgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularga kasb-hunar
o`rgatish, ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilish choralari kuchaytiriladi.
Tadbirda viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi Baxtiyor Ibrohimov ham so`zga chiqdi. Anjuman davomida jurnalist va blogerlar o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi. Tadbir yakunida ichki ishlar organlari bilan faol hamkorlik qilayotgan bir guruh jurnalistlarga 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan sovg`alar topshirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.