25 Oktyabr 2021 yil 1327

Yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash asosiy vazifamiz

Inson hayotdan qoniqib yashashi uchun jamiyatda tinchlik va osoyishtalik hukmron bo’lishi, uning siyosiy erkinliklari ta’minlanishi, huquq va manfaatlari himoyalanishi, shuningdek iqtisodiy ehtiyojlari qondirilishi zarur. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar shu maqsadlarga qaratilgan, desak adashmaymiz.   

Ayniqsa, so’nggi yillarda ishlab chiqarish va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish, huquq va erkinliklarini himoyalash borasida belgilanayotgan chora-tadbirlar jamiyatimiz hayotida yangilanishlar davrini boshlab berdi. Ta’kidlash kerak, bu o’zgarishlar hurmatli Prezidentimiz SH. M. Mirziyoyev rahbarligida elni rozi qilish, davlat organlarining xalq xizmatida bo’lishga oid siyosatlari asosida yuz berayotir.

Mazkur evrilishlarga monand tarzda ichki ishlar organlari tizimida ham keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. CHunonchi, sohaga oid ikki yuzdan ortiq farmon va qarorlar hamda me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, faoliyatimizning huquqiy asoslari mustahkamlandi. SHuningdek, xodimlarning intelektual va jangovar salohiyatini oshirish, xizmat sharoitlarini yaxshilash, ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash borasida samarali ishlar bajarildi.

Aytish joiz, ichki ishlar organlarining maqsad va vazifalari ham mohiyatan o’zgardi. Ya’ni mamlakatimiz rahbari talabiga muvofiq soha vakillarining asosiy e’tibori qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilmoqda. Ayni maqsadda “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz hovli” tamoyillari hayotga tadbiq etilib, mahallabay ishlash va uyma-uy yurish orqali profilaktik tadbirlar izchilik bilan amalga oshirilyapti.

Aholi bilan muloqotlar hamda kriminogen vaziyatni tahlil qilish orqali mahallalar “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratilib, qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan mos tadbirlar belgilanayotir. Aholi to’planadigan joylar, korxona va muassasalarga videokuzatuv qurilmalari hamda yo’llarga nazorat uskunalari o’rnatilayotgani profilaktika borasida yaxshi natija berayotir.

Mavzuga Jizzax viloyati ichki ishlar organlari faoliyati misolida yondashadigan bo’lsak, quyidagilarni e’tirof etish mumkin. Jumladan, 2017-2021 yillarda Jizzax viloyatini jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida Jizzax shahri va Zomin tumani ichki ishlar bo’limlari o’rnida boshqarmalar yuzaga keltirilib, ular tarkibida 4 tadan ichki ishlar bo’limlari faoliyati yo’lga qo’yildi. Umuman olganda, bu davrda shahar va tumanlar IIBlari tarkibidagi ichki ishlar bo’limlari soni 5 tadan 16 taga ko’paydi. Natijada har bir bo’lim tomonidan 35-40 ming nafar fuqaroni qamrash imkoni paydo bo’ldi.

Shuningdek, o’tgan 5 yil davomida viloyatda profilaktika inspektorlarining soni 54 foizga, ya’ni 203 nafardan 312 nafarga oshdi.  Xususan, kriminogen vaziyat va aholi zichligidan kelib chiqib, mahalliy byudjet hisobidan 38 ta profilaktika inspektori shtati joriy etildi. Pirovardda har bir mahalla o’z profilaktika inspektoriga ega bo’ldi.

Qolaversa, ular uchun 256 ta xizmat uylarining barpo etilishi hamda  uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida 288 ta avtoulov bilan ta’minlanganligi faoliyat samaradorligiga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda. Bundan tashqari, respublikamiz Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaroriga muvofiq 49 nafar oliy noyuridik ma’lumotga ega bo’lgan profilaktika inspektorlari Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filialida qayta tayyorlash sayyor kurslarini tamomladi.

Xuddi shunday, 19 ta tayanch punktlari barpo etilib, ular soni 165 taga yetkazildi. Shaxsiy tarkibda ham ayrim o’zgarishlar yuz berdi. CHunonchi, shahar va tumanlardagi ichki ishlar bo’limlarida xotin-qizlar muammolari bilan ishlaydigan ayol inspektorlar faoliyati yo’lga qo’yildi. O’smirlar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish uchun 46 nafar inspektor psixologlar xizmatga olindi.

Ta’kidlash kerak, sohada zamonaviy axborot va aloqa vositalarining keng qo’llanilayotganligi xizmat natijadorligini oshirmoqda. Aniqroq aytadigan bo’lsak, bu davrda jinoyatlar bo’yicha xabarlarni qayd qilishning “102” avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi. Ma’muriy huquqbuzarliklar va yo’l harakati qonunbuzarliklariga oid bayonnomalar elektron shaklda rasmiylashtirila boshlandi. Yo’l-patrul’ va patrul’-post xizmati xodimlari 188 ta bodikamera hamda huquqbuzarliklarni qayd etuvchi planshetlar bilan ta’minlandi.

Yo’llardagi qoidabuzarliklarni aniqlash uchun 23 ta radar va 97 ta videokameralardan foydalanilmoqda. SHulardan 16 tasi statsionar, 7 tasi ko’chma foto va videoradarlardir. Transport vositalarining tezligini avtomatik tarzda aniqlovchi mazkur qurilmalar yagona axborot-komp’yuter tizimiga ulangan. Joriy yilning o’tgan davrida tezlik oshirilishi bilan bog’liq 85 mingga yaqin qonunbuzarliklar aniqlanganligi inobatga olinsa, ushbu uskunalarning yo’l-ulov hodisalarining oldini olishdagi ahamiyatini tasavvur qilish qiyin emas.

Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 2019 yilning 30-31 yanvar’ kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida respublikamiz Prezidenti xalq ta’limi tizimi bilan hamkorlikda o’rta umumta’lim maktablarida yo’l harakati xavfsizligi xonalarini tashkil etish va bu sohani alohida fan sifatida o’qitishni yo’lga qo’yish borasidagi topshirig’i asosida Jizzax shahrida 30 ta, Arnasoy tumanida 6 ta, Sharof Rashidov tumanida 2 ta, Mirzacho’l va Zomin tumanlarida 1 tadan maktabda yo’l harakati xavfsizligi xonalari tashkil etildi. Bu tadbir yo’llarda bolalar ishtirokida ko’ngilsiz hodisalarning oldini olishda qo’l kelayotir.   

Bu yo’nalishdagi qonunbuzarlik va jinoyatlarga yo’l qo’ymaslik, haydovchilar va piyodalarning xushyorligini oshirish maqsadida mobil’ targ’ibot avtomobili hamda “Ezgulik patruli” faoliyati yo’lga qo’yilgan. Haftaning har juma kuni “Yo’l harakati xavfsizligi targ’iboti kuni” doirasida o’quv muassasalari, tashkilot va korxonalarda suhbatlar uyushtirilmoqda. Ko’chalarda esa videokuzatuv qurilmalaridan keng foydalanilyapti. Xususan, ichki ishlar bo’limlaridagi 19 ta situatsion markazga 680 ta videokuzatuv moslamalari integratsiya qilindi. Darvoqe, Jizzax shahridagi barcha o’rta umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari kuzatuv kameralari nazoratiga olingan.

Xuddi shunday, bugungacha ichki ishlar organlarining 169 ta ma’muriy binosi hamda 139 ta tayanch punktiga optik tolali tarmoqlar tortildi. Aloqa sifati va internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bu tadbir fuqarolar hamda shaxsiy tarkibning vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berish omiliga aylandi. Jumladan, ma’muriy ishlarga oid sudlarda masofadan turib, onlayn tarzda ishtirok etish amaliyoti qo’llana boshlandi.

SHuningdek, fuqarolar internet orqali soha vakillariga ariza yo’llash, mazkur murojaat bo’yicha qilinayotgan ishlarni kuzatib borish hamda mas’ul xodimning faoliyatiga baho berish imkoniga ega bo’lishdi. Qolaversa, tegishli xodimlar uchun qidiruvdagi shaxslar, muqaddam sudlanganlar, probatsiya xizmati nazorati ostida turganlar, sud materiallari hamda avtotransport vositalariga oid ma’lumotlarni aloqa vositalari orqali olish sharoiti yaratildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tergov tizimida ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan unumli foydalanilmoqda. Jumladan, tergov boshqarmasi va uning quyi bo’linmalarida tergov va protsessual harakatlar o’tkaziladigan 50 ta xizmat xonalari tasvirga olish va ovoz yozish qurilmalar bilan ta’minlandi. 27 ta ichki ishlar organlari ma’muriy binolaridagi barcha so’rovxonalari ham ana shunday uskunalarga ega. Mazkur qurilmalarning 19 tasi respublika Ichki ishlar vazirligining tegishli xizmati bilan integratsiya qilingan.

Viloyat ichki ishlar organlariga qarashli maxsus muassasalarda foydalanilayotgan avtoulovlarning barchasi GPS va videokuzatuv qurilmalari bilan jihozlandi. Bu maqsadda viloyat hokimligi ko’magida 18 dona GPS va 54 dona videokuzatuv uskunalari, 20 dona monitor, 2 dona maxsus protsessor va zaruriy ehtiyot qismlar olindi. Ushbu nazorat vositalari ayblanuvchi yoki gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilinganlarning haq-huquqlarini to’la ta’minlashda omil bo’lmoqda.

Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 2017-2021 yillarda Jizzax viloyati ichki ishlar organlari respublika IIV tomonidan “Lacetti”, “Nexia”, “Damas”, “Isuzu”, “Tigr”, “Jino” kabi 176 ta avtotransport vositalari bilan ta’minlandi. SHuningdek, Jizzax viloyati hokimligi tomonidan 2 ta avtomashina ajratildi. Bu yillarda ichki ishlar organlariga qarashli 40 ta ob’yektda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ayni kunlarda esa G’allaorol, Do’stlik, Paxtakor tumanlari ichki ishlar bo’limlari, viloyat IIB tibbiyot bo’limi hamda viloyat IIB PPX va JTSB binosi kapital ta’mirlanayapti. Qisqasi, olib borilayotgan bunyodkorliklar ichki ishlar organlari binolarini zamonaviy ko’rinishga kiritish bilan birga xizmat sharoitlarini qulaylashtirmoqda.

Tizimning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan bu kabi tadbirlarga uyg’un tarzda xodimlarning intellektual, jismoniy va jangovar salohiyatlarini kuchaytirish, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga astoydil kirishilgan. CHunonchi, SHarof Rashidov tumanida joylashgan harbiy qismda shaxsiy tarkibning bosqichma-bosqich ta’lim olishi yo’lga qo’yildi. Bu yerda ularga huquqiy bilimlar berilib, jangovar va saf tayyorgarligi mashqlari o’tkazilayapti. Xuddi shunday, taktik, o’q otish, qo’l jangi mashg’ulotlari belgilangan rejalar asosida uyushtirilmoqda.

Har bir ichki ishlar organlari binosida kutubxonalar yuzaga keltirilgan. Muntazam tashkil etilayotgan ma’naviyat va ma’rifat darslari, ertalabki yo’riqnomalar hamda ilm ahli bilan uchrashuvlarda shaxsiy tarkibning siyosiy, huquqiy bilimlarini oshirish choralari ko’rilyapti. SHu bilan birga ko’rik-tanlov, musobaqa va bellashuvlar o’tkazilib, ilg’orlar rag’batlantirilmoqda. Xodimlarning uy sharoitlarini o’rganish, ularning oila a’zolari bilan suhbatlashish asnosida xizmat natijadorligiga ta’sir qiluvchi salbiy omillar bartaraf qilinayotir.  

O’z navbatida bular hammasi xalq manfaatlarini yaqqolroq ifodalashimizga asos bo’layapti. CHunonchi, faoliyatimizda inson haq-huquqlarini himoyalash tobora ustuvorlik kasb etib, raqam va foizlar ortidan quvish illati barham topayotir. Erishilayotgan natijalar ham shunga yarasha. Jumladan, 2017 yilni 2021 yil bilan qiyoslaganda ijtimoiy xavfli jinoyatlarni fosh etish 61,1 foizga oshgan. Viloyatda jinoyatdan xoli mahallalar soni esa 26 foizdan 54,2 foizga yetkazildi.

SHuningdek, soha vakillari sektorlarda fuqarolarning ijtiomiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish, aholining bandligini ta’minlash va turmush madaniyatini oshirish borasida faollik ko’rsatishyapti. Demoqchi bo’lganimiz, hurmatli Prezidentimizning “Vatanga va xalqqa sadoqat  bilan xizmat qilish - oliy burchimiz” degan jumlasi bugun har bir ichki ishlar organlari xodimining hayotiy shioriga aylandi.

SHu ma’noda, soha vakillari YAngi O’zbekistonni qurish, uchinchi renesans poydevorini barpo etishda qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat va jamiyat manfaatlarini ishonchli himoyalash orqali o’z hissalarini qo’shmoqdalar.     

 

G’ayrat QODIROV,

Jizzax viloyati ichki ishlar  boshqarmasi boshlig’i, general mayor.

Text to speech