Kamchiliklar aniqlanib, ularni yo’qotish choralari belgilandi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi vakillari tomonidan hududiy ichki ishlar boshqarma va bo’limlarining joriy yil yanvar va fevral oylaridagi faoliyati o’rganib chiqildi. Ayni kunlarda ana shu o’rganish natijalari joylarda muhokama etilmoqda. Chunonchi, Do’stlik tumani madaniyat markazida bo’lib yig’ilishda viloyat IIB sohaviy xizmatlari rahbarlari hamda Do’stlik tumani ichki ishlar bo’limi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Tanqidiy ruhda o’tgan tadbirni viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov boshqarib bordi. So’z olganlar tomonidan tezkor-qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya xizmati, yo’l harakati xavfsizligi, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tergov, huquqiy-statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar yo’nalishlarida yo’l qo’yilgan kamchiliklar tilga olindi.
Mazkur jarayonda tumanda sodir etilgan jinoyatlar, ularni fosh etish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, oshgan jinoyat turlarining sabab va omillari, qayta jinoyatlar hamda jinoyatlarni aniqlash borasidagi natijalar, qidiruvdagi shaxslarni qo’lga olish masalalari ko’rib chiqildi. SHuningdek, ijro intizomini ta’minlash, hujjatlarni yuritish, “qizil” hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, sohaviy xizmatlarning ish rejalari, ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash, shaxsiy tarkibning intellektual, jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish maqsadida o’quv mashg’ulotlari uyushtirish hamda xodimlar xizmat faoliyatini o’rganishga e’tibor qaratildi. Yig’ilishda Do’stlik tumani ichki ishlar bo’limi mas’ullarining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga oid hisobotlari tinglandi.
Xuddi shu mazmundagi tadbir Mirzacho’l tumani hokimligida ham bo’lib o’tdi. Tuman ichki ishlar bo’limi faoliyati tahlil etilar ekan, odam savdosiga qarshi kurashish, ekstremistik tashkilotlar a’zolarini aniqlash, xorijdan qaytganlarni ish bilan ta’minlash, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlar olib borish, jazo muassasalaridan qaytganlarni ijtimoiy moslashtirish, ularni hamda probatsiya xizmati nazorati ostida bo’lgan shaxslar bandligini ta’minlash, jazoni ochiqda o’tayotgan mahkumlar o’rtasida profilaktik tadbirlar o’tkazish, bu borada sohaviy xizmatlar hamkorligini kuchaytirish yig’ilganlar diqqat markazida bo’ldi.
Bundan tashqari yo’l harakati xavfsizligini ta’minlovchi shart-sharoitlarni yaratish, mazkur yo’nalishda targ’ibotlar o’tkazish, yo’llarda qoidabuzarliklarning oldini olish, zamonaviy elektron texnologiya va vositalardan foydalanish, surishtiruv va tergov harakatlari sifatini oshirish bo’yicha to’xtalib o’tildi. Xizmat sharoitlari bilan bog’liq kamchiliklar ham bayon qilindi. O’z navbatida nuqson va muammolar bo’yicha Mirzacho’l tumani ichki ishlar bo’limi mas’ullarining hisoboti eshitildi. YAkunda kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilab olindi.