26 Iyul 2024 yil 2040

Yarim yillik faoliyat muhokama qilindi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida soha vakillarining joriy yilning birinchi yarmidagi faoliyati tahliliga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Viloyat hamda hududiy ichki ishlar boshqarma va bo`limlari, shuningdek, sohaviy xizmatlar boshliqlari, ularning o`rinbosarlari ishtirokida, videoaloqa shaklida tashkil qilingan tadbirni viloyat IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov boshqarib bordi. 

Muhokama davomida shu yilning birinchi yarmida viloyatdagi 309 ta mahallaning 205 tasida jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagani, qizil toifadagi mahallalar sonini 48 foizga kamaytirishga erishilgani qayd etildi. Shuningdek, og`ir tan jarohati etkazish jinoyati 20 foizga, bezorilik jinoyati 27 foizga, o`lim bilan bog`liq yo`l-ulov hodisalari 8 foizga, o`rtacha tan jarohati etkazish 22 foizga kamaygan. 

Xuddi shunday, Namangan tajribasi asosida Jizzax shahridagi 16 ta, Sharof Rashidov tumanidagi 9 ta mahalla kriminogen vaziyatiga ko`ra 8 ta mikrohududga ajratilib, yashil toifadagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan 25 nafar profilaktika inspektorlari hamda 13 ta avtopatrul, 3 ta piyoda patrul guruhlari 6 oy muddatga ushbu hududlarga xizmatga jalb qilingani ijobiy samarasini berganligi bildirildi. Jumladan, o`tgan yillarda “qizil” toifada bo`lgan mahallalarning 16 tasida jinoyat ro`y bermagan. Umumiy jinoyatlar sonini 21 tadan 13 taga kamaytirishga erishilgan. 

Ammo Zarbdor, Mirzacho`l, Forish, Zomin, Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahrida ayrim turdagi jinoyatlar oshishiga yo`l qo`yilgan. Shu ma’noda mazkur hududiy ichki ishlar boshqarma va bo`limlari boshliqlarining yo`l qo`yilgan kamchilik va nuqsonlarga oid izohlari tinglandi. Tadbirda xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash, yo`llarda harakat xavfsizligiga erishish, probasiya xizmati nazorati ostida bo`lgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash, 3- sektordagi mahallalarda aholi muammolarini hal qilishga oid masalalar ham muhokama etildi. 

Yakunda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga oid chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullarga topshiriq va vazifalar yuklandi. Yig`ilishda Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik Zufar Qurbonov qatnashdi.

Text to speech