19 Noyabr 2022 yil 541

Kinologiya bo’linmalari xodimlarining an’anaviy ko’pkurash musobaqasi g’oliblari aniqlandi

Jizzax viloyatida ichki ishlar organlari kinologiya bo’linmalari xodimlarining an’anaviy ko’pkurash musobaqasi bo’lib o’tdi. Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda IIV qorovul qo’shinlari kinologiya bo’linmalari xodimlari ishtirokida uyushtirilgan musobaqaning tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hamda IIV jamoat xavfsizligi departamentining jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig’i o’rinbosari, podpolkovnik Otabek SHaripov so’zga chiqdi.

Notiqlar mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, xodimlarning samarali faoliyati uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar, shuningdek kinologlarning jinoyatlarni fosh etishdagi o’rniga to’xtaldilar. Joriy yilning o’tgan davrida ichki ishlar organlari kinologlari o’z xizmat itlari yordamida 2400 dan ortiq jinoyatni fosh qilganliklari, bu jarayonda 84 kilogramm narkotik moddalar olingani ma’lum qilindi.

Ma’lumot o’rnida aytish joiz, musobaqada har biri 3 nafar kinolog va 3 ta xizmat itidan tarkib topgan 15 ta jamoa ishtirok etdi. Qizg’in kechgan bahslar davomida jonivorlarning buyruqlarga bo’ysunish, iz qidiruv, to’siqlardan o’tish, giyohvandlik va qurol-yarog’larni topishga oid salohiyati sinovdan o’tkazildi.

O’z navbatida ishtirokchilarning xatti-harakatlarini Ichki ishlar vazirligining 5 nafar malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi. Mazkur jarayonda xizmat itlarining buyruq va vazifalarni aniq va qisqa muddatlarda bajarishiga e’tibor qaratildi. Ta’kidlash kerak, ayrim topshiriqlarni uddalash oson kechmadi. Xususan buyruqlar bajarilishi uchun kinolog ortiqcha so’z yoki ishora ishlatmasligi lozim edi. Xuddi shunday, xizmat iti 10 kishi orasidan muayyan buyum egasini 3 daqiqa ichida topishi zarur bo’ldi.

3 kun davom etgan musobaqa yakunida tantanali marosim uyushtirilib, g’oliblarga diplom va qimmatbaho sovg’alar topshirildi. Natijalarga keladigan bo’lsak, 1- o’rinni mezbonlar jamoasi egalladi. Ikkinchi o’rinni Navoiy va Samarqand viloyatlari jamoalari qo’lga kiritdi. Uchinchi o’rin IIV qorovul qo’shinlari hamda Toshkent shahri vakillariga nasib etdi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech