Kinologlar bellashuvi davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek Jizzax viloyatida ichki ishlar organlari kinologiya bo’linmalari xodimlarining an’anaviy ko’pkurash musobaqasi bo’lib o’tmoqda. Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda IIV qorovul qo’shinlari kinologiya bo’linmalari xodimlari ishtirokida uyushtirilgan musobaqaning 3- kuni musobaqa qatnashchilari xizmat itlari yordamida to’siqlardan o’tish va biatlon shartlarini bajardilar.
To’siqlardan o’tish shartida xizmat itlarining epchilligi va buyruqlarni mukammal bajarishlari sinovdan o’tkazildi. Biatlon bahslari esa xodimlar hamda ularning ishonchli yordamchilarining sabotini tekshirishga xizmat qildi, desak xato bo’lmaydi. Jumladan, musobaqa qatnashchilari qirliklar orasidan o’tgan 3 kilometru 200 metr yo’lni chopib o’tishlariga, shuningdek 2 marta to’pponchadan nishonlarga o’q uzishlariga to’g’ri keldi. Buning uchun ularga 10 dona o’q ajratildi.
Ma’lumot o’rnida aytish joiz, musobaqada har birining tarkibida 3 nafar kinolog va 3 ta xizmat iti bo’lgan 15 ta jamoa ishtirok etmoqda. Mazkur ko’pkurashning yopilish marosimi ertaga bo’lib o’tadi. Tadbirda odatdagidek g’oliblarni taqdirlash ko’zda tutilgan.
Aytgancha, bugun musobaqa qatnashchilarining SHarof Rashidov muzeyiga sayohati tashkil etildi.