Kitoblar taqdimoti o’tkazildi
IIV Jizzax akademik litseyida IIV Birlashgan tahririyati ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan “Kadrlar xizmati fidoyilari” hamda IIV huzuridagi tergov departamenti tashabbusi bilan yozilgan “Tergov xizmati faxriylari” kitoblarining taqdimoti bo’lib o’tdi. Jizzax viloyati IIB, sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar hamda IIV Jizzax akademik litseyi o’quvchilari ishtirokida o’tgan tadbirda IIV tarkibiy bo’linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo’mitasi bosh mutaxassisi, yuridik fanlar doktori, iste’fodagi polkovnik Abdug’ofur Sattorov, IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, polkovnik Bernora Sadikova so’zga chiqib, ushbu kitoblarning ichki ishlar organlari xodimlarining vatanparvarlik tuyg’usini, bilim va kasbiy ko’nikmalarini oshirishdagi ahamiyati to’g’risida to’xtaldilar.
SHu bilan birga O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov hamda Abdug’ofur Sattorovning “Ortda qolgan tahlikali kunlar” nomli kitobi haqida ma’lumot berildi. Mazkur jarayonda IIV tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviyati, xususan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida belgilanayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr yuritildi. Yig’ilishda faxriy xodimlar tajribasidan keng foydalanish yuzasidan ham mulohazalar bildirildi. Tadbir davomida bir guruh faxriylarga Ichki ishlar vazirining buyrug’i asosida “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko’krak nishonlari, faxriy yorliqlari, shuningdek, IIV tarkibiy bo’linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo’mitasi hamda Jizzax viloyati ichki ishlar xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi qo’mitasining esdalik sovg’alari topshirildi. SHu bilan birga poytaxtlik mehmonlar Jizzax viloyati IIB hamda IIV Jizzax akademik litseyi kutubxonalariga Alisher Navoiy asarlari va “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitoblarini hadya qildilar. YAkunda ishtirokchilar IIV tashabbusi bilan chop etilayotgan asarlar yuzasidan o’z qarashlarini bayon etishdi.
Azim TILOVOV,
Jizzax viloyati ichki ishlar xodimlari
birlashgan kasaba uyushmasi qo’mitasining raisi,
podpolkovnik.