5 Dekabr 2022 yil 452

Ko’hna shaharga sayohat

Ichki ishlar vazirligining ko’rsatmasi asosida Jizzax viloyati IIB tomonidan bir guruh faxriylarning Samarqandga sayohati tashkil etildi. Sayohat Xoja Doniyor ziyoratgohidan boshlandi.

Qayd etish joiz, ro’yi zamin sayqali Samarqandda juda ko’p tarixiy maskanlar bo’lib ular orasida Xoja Doniyor maqbarasi o’z xususiyati bilan ajralib turadi. Bu tarixiy maskan uch din vakillari uchun ham muqaddas ziyoratgoh sanaladi. Bunday tabarruk bo’lgan maskanlar dunyoda kam uchraydi va mamlakatimiz sarhadlaridagi eng noyob maqbaralardan biri sanaladi. Tadbir davomida ziyoratchilarga Hazrati Doniyorning hayoti, mazkur maqbaraning qurilishi, istiqlol yillarida olib borilayotgan bunyodkorliklar ma’lum qilindi. SHuningdek, qur’on oyatlaridan o’qilib, o’tganlar yod etildi.

SHundan so’ng sayohatchilar Hazrati Hizr majmuasidagi birinchi prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi. Qur’on oyatlaridan o’qilib, yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorliklar bilan tanishishdi. Keyingi manzil Go’ri Amir maqbarasi bo’ldi.

Ushbu maqbara jahonga mashhur va O’rta Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etiladi. 1403 yilda Amir Temurning vorisi Muhammad Sultonning vafot etishi munosabati bilan boshlangan maqbara qurilishi Mirzo Ulug’bek davrida tugallangan hamda Amir Temur va temuriylar xilxonasiga aylantirilgan.

Ta’kidlash joiz, Samarqand shahri betakror sharqona qiyofasi, noyob tarixiy obidalari, boy madaniy muhiti bilan dunyo ahlini lol qoldirib kelgan. YAqinda qurib bitkazilgan “Boqiy shahar” majmuasida ham qadim va navqiron Samarqandning ko’p asrlik tarixi jamlangan. Majmuada milliy hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi choyxonalar, CHorsu sharq bozori, milliy liboslar galereyasi, kutubxona kabi ob’yektlari sayohatchilar diqqatini tortdi. Bundan tashqari faxriylar Samarqand xalqaro aeroportida ham bo’lishdi. Qayd etilishicha, 2019 yilda ushbu majmuada boshlangan qurilish ishlari davomida aerovokzal binosi, aerodrom kompleksi to’liq qayta qurildi. 4 qavatli aerovokzal binosi Mirzo Ulug’bekning “Ziji Jadidi Ko’ragoniy” kitobidan ilhomlanib ochiq kitob shaklida bunyod etilgan. Qisqasi shu kuni faxriylar Samarqanddagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish bilan birga so’nggi yillardagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishib qaytishdi.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech