19 Avgust 2025 yil 52

Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i ijtimoiy profilaktika tadbirlarni amalga oshirish ishlari bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i Jizzax viloyatida jamoat tartibini saqlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish borasidagi ishlar bilan tanishishdi.

Dastlab shahar-tuman ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda, joriy yil 6-15 iyul kunlari Jizzax viloyatida ichki ishlar organlari faoliyatini kompleks inspektorlik tekshiruvida huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilindi. Bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi.

 Shu kuni, mas’ullar tomonidan Sharof Rashidov tumani Toqchilik mahallasida tashkil etilgan tumanlararo tibbiy hushyorxona faoliyati ham o‘rganildi. Ta’kidlanganidek, mazkur hushyorxona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16 maydagi “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, bemorlar uchun 20 ta o‘rin ajratilgan.

Shifoxona jami 7 ta xonadan iborat, shundan 1 tasi ayollar xonasi hamda 6 ta erkaklar uchun mo‘ljallangan. Hushyorxonada xavfsizlik masalasida 13 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Kuzatuv kameralari bevosita tuman IIB navbatchilik qismiga integratsiya qilingan. Shu bilan birga, tuman qo‘riqlash bo‘limi bilan hamkorlikda mazkur tibbiy yordam ko‘rsatish punkti tunu-kun qo‘riqlanishini ta’minlanib, tashvish signallari ham o‘rnatilgan.

Shuningdek, vazirlik mas’ullari kriminogen jihatdan og‘ir toifada bo‘lgan mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasidagi ishlarning borishi bilan tanishdi. Xususan, Jizzax shahridagi Madaniyat va Ulug‘bek, Sharof Rashidov tumanidagi Toqchilik mahallalari yettilik a’zolari bilan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ishsizlar bandligini ta’minlash, ijtimoiy profilaktika ob’ektlari bilan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda yettilik tomonidan uyma-uy yurish orqali aholini qiynayotgan muammolar va yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini ko‘rish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabrdagi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ish olib borish lozimligi tushuntirildi.

Jarayonlarda mahallalarda ijtimoiy-maishiy muammolarning hal etilishini ta’minlash orqali xavfsiz muhit yaratish, ijtimoiy profilaktika ob’ektlariga davlat organlari hamda tashkilotlar tomonidan zarur ko‘mak berilishiga erishish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

 

Text to speech