Konstitutsiya - baxtimiz qomusi
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar qatori ochiq darslar ham tashkil etilmoqda. Navbatdagi ochiq dars uchinchi bosqich o’quvchilariga “Huquqshunoslik” fanidan o’tildi. “Konstitutsiya baxtimiz qomusi” mavzusidagi dars davomida pedagog Ozod Sa’dullayev O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi, fuqarolarning huquq va manfaatlari, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo’lidagi ustuvor yo’nalishlar haqida ma’lumot berdi.
SHuningdek, Konstitutsiyaning barcha bo’lim va moddalari mustaqil Vatanimizning milliy qadriyatlarini tiklash, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, milliy va diniy qadriyatlar va vijdon erkinligi hamda oilada mustahkam muhitni ta’minlash, Vatanimiz milliy-madaniy meroslaridan oqilona foydalanishini belgilab berish, millatlar va elatlar, xalqlar o’rtasida o’zaro hamkorlik, bag’rikenglik, do’stona munosabatlarni yaxshilash kabi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilganligi qayd etildi.
SHunday ochiq dars Ozoda Olimova tomonidan ham o’tildi. Birinchi bosqich o’quvchilari uchun tashkil etilgan tadbirda Mahmudxo’ja Behbudiyning hayoti va ijodi hamda Padarkush asari xususida so’z bordi.
SHu kuni litseyda kitob yarmarkasi ham uyushtirildi. Tadbirda o’quvchilar va pedagog jamoa milliy, jahon adabiyoti durdonalari, ilmiy nashrlar hamda huquqiy kitoblar bilan tanishish va harid qilish imkoniga ega bo’ldilar.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati