7 Fevral 2022 yil 544

Korrupsiyasiz sohada adolat va rivojlanish bo’ladi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish immuniteti shakllantirishga qaratildi.

Ta’kidlash joiz, hali-hanuz jamiyatimizda korrupsiya eng katta muammoligicha qolmoqda. Uni hamma sohada uchratyapmiz. Eng yomoni, kimgadir pul berib ishini bitirishni «Ha, endi o’zbekchilik-da», deb oqlaydiganlar ham uchraydi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida o’tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Jizzax davlat pedagogika instituti o’qituvchisi YOrqin Turopov “Korrupsiyasiz sohada adolat va rivojlanish bo’ladi” mavzusidagi ma’ruzasida shu haqda so’z yuritdi.

Notiq o’z so’zida ba’zi kishilar qonunni qat’iylashtirib, jazoni kuchaytirish, ayrimlari esa unga qarshi kurashni oiladagi tarbiyadan boshlash, halol-haromning farqini bolalikdan ularning ongiga singdirish zarurligini, islom dinida ham poraxo’rlik, tamagirlik qoralanganligini aytib o’tdi.

Boshqa sohalarda bo’lgani kabi, ichki ishlar organlari xodimlari o’rtasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, bu illatni yo’qotish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. SHaxsiy tarkib o’rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifaga aylangan. Halollikni shior qilgan ko’plab xodimlar korrupsion holatlar, pora bermoqchi bo’layotgan shaxslar haqida xabar berib, kasbiga sodiqligini amalda namoyon etishyotgani yig’ilishda ta’kidlandi.

Bundan tashqari o’tgan 2021 yilda viloyat hududida yo’l qo’yilgan korrupsion holatlar tahlili ma’lum qilinib, korrupsiyasiz jamiyatni yaratishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlash, elektron hukumatni keng joriy etish ham yaxshi samara berishi qayd etildi.

Yig’ilishda Jizzax shahar aholi salomatligini qo’llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish bo’limi boshlig’i Matluba Abusattorova sog’lom turmush tarziga rioya etish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug’ullanish salomatlik garovi ekanligi xususida to’xtaldi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi harbiy safarbarlik bo’limi boshlig’i podpolkovnik Doniyor Qorajonovga Respublika Prezidentining farmoniga asosan “O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 30 yil” etalik nishoni hamda bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech