16 Oktyabr 2022 yil 599

Ko’tarilgan muammolar hal etilmoqda

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirovning 7 oktyabr’ kuni Arnasoy tumanida o’tkazgan sayyor qabulida hududdagi “Bobur”, “G’oliblar”, “G’afur G’ulom”, “Oltin vodiy”, “Gulbahor”, “CHo’lquvar”, “Toshkent” mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi tomonidan qator muammolar ko’tarilgan edi.

Bayon etilgan har bir masala mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilangan. SHuningdek, uy-joyini ta’mirlash, qulay sharoit yaratish bo’yicha murojaatlar qabuldan so’ng ishchi guruhi tomonidan joyiga chiqib o’rganilgan.

Bugun esa ushbu masalalar bartaraf etilmoqda. Xususan, Gulbahor mahallasida istiqomat qilayotgan Ra’no Ismoilovaning yashash uyi tom qismini ta’mirlash bo’yicha masalasi ijobiy yechim topdi. 3- sektor tomonidan 80 dona shifer, 15 ta strapila, 200 metr reyka hamda boshqa zarur qurilish ashyolari olib berilib, hozirda uyning tom qismini yangilash ishlari jadal olib borilmoqda. Bu ishda ustalar va mahalla aholisi yaqindan ko’makdosh bo’layapti. Viloyat IIB boshlig’i ushbu ishlarning borishi bilan tanishib, xonadon sohiblari va mahalla faollari bilan suhbatda bo’ldi. Zarur qulayliklarni yuzaga keltirish bo’yicha mas’ullarga qo’shimcha vazifalar yukladi.

Xuddi shunday, birinchi guruh nogironligi bo’lgan Umid Ahrorovning xonadoni ham mahalla aholisi va ko’ngillilar bilan gavjum. Uning turmush o’rtog’i Maqsuda Haydarova sektor rahbarining sayyor qabulida yashash uyi tom qismini ta’mirlash bo’yicha amaliy yordam so’rab murojaat qilgan edi. SHu asosida 3-sektor tomonidan bunyodkorlik uchun 85 dona shifer, 25 dona strapila va 205 metr reyka kabi kerakli qurilish ashyolari yetkazib berilgan. Ta’mirlash ishlarida qatnashayotgan yurtdoshlarimiz, shuningdek hovlini obod qilish ishlarida ham jonbozlik ko’rsatishayapti.

Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan ijtimoiy uyda yashayotgan Latofat Ravshanovaning xonadonida ham ta’mirlash ishlari avjida. Qayd etish joiz, 2 nafar farzandning onasi xonalarni pol qilish, eshik va deraza romlari o’rnatish, yuvinish xonasini ta’mirlash bo’yicha qilgan murojaati asosida 3- sektor tomonidan kerakli qurilish materiallar olib berildi. Tez orada ushbu ta’mir ishlari yakunlanib qulaylik yaratiladi.

SHu kuni 3- sektor tomonidan besh tashabbus doirasidagi tadbirlardagi faol ishtiroki hamda har jabhada tengdoshlariga namuna bo’layotgan yosh ijodkor Madina Murodovaga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining tashakkurnomasi va sovg’asi topshirildi.

Bundan tashqari, 3- sektor tomonidan doshqozonda osh damlanib, uy-joylarini ta’mirlash ishlarida qatnashayotgan yurtdoshlarimizga o’zbekona udum bo’yicha xashar oshi tortiq qilindi.

Qisqasi, 3- sektor rahbarining joylarda o’tkazgan sayyor qabullarida ko’tarilgan har bir masala mas’ullar nazoratida bo’lib, ishlab chiqilgan rejasi asosida hal etilayotir.

Text to speech