Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi
Jizzax viloyati ichki ishlar
boshqarmasi tomonidan muhokama yig`ilishi o`tkazildi. Sektorlar rahbarlari,
mutasaddi idora va tashkilotlar, mahalla faollari ishtirok etgan yig`ilishda
kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va
huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan
ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, firibgarlik bilan bog`liq qonunbuzilishlar,
ularning sodir etilishiga sabab bo`layotgan omillar tilga olindi.
Ta’kidlanishicha, Paxtakor tumanida yashovchi viloyat davlat moliyaviy
nazorat boshqarmasi mas’uli 2023 yilning sentyabr oyida Jizzax shahar tibbiyot
birlashmasida byudjet mablag`laridan maqsadli foydalanish yuzasidan taftish
o`tkazgan. Taftish xulosasida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini kamaytirib
ko`rsatish evaziga tibbiyot birlashmasi hisobchisidan o`zining hamkasbi orqali
5 ming AQSh dollari olganligi aniqlangan.
Viloyat huquq-tartibot organlari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor
tadbirida firibgarlik bilan bog`liq yana bir qonunbuzarlik fosh qilindi.
Xususan, Jizzax shahrining Obod mahallasida yashovchi davlat unitar korxonasi
hisobchisi Sharof Rashidov tumani Ziyokor mahallasida yashovchi fuqarodan 15
ming AQSh dollari talab qilib, ushbu pullardan 5 ming AQSh dollarini olgan
vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ma’lum bo`lishicha, pul talab qilgan
shaxs jabrlanuvchining mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari bo`lgan
qarindoshiga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha O`zbekiston
Respublikasi Oliy sudi va Sirdaryo viloyat sudida yuqori lavozimda ishlovchi
tanishlari orqali engil jazo tayinlatishga ishontirgan.
Yig`ilishda bundan tashqari kiberjinoyatchilik va uning turlari, bank
plastik kartalari bilan bog`liq firibgarliklar, kuchli ta’sir qiluvchi dori
vositalari bilan bog`liq qonunbuzarliklar haqida ham ma’lumotlar berildi. Shu
bilan birga, jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolar huquq va
erkinliklarini ta’minlash, osoyishtaligini saqlashda huquqni muhofaza qiluvchi
organlar bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari va har bir kishi mas’ul
ekanligi tushuntirildi.