Jizzax viloyatida kriminogen vaziyatni yaxshilash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida “Dolzarb 40 kunlik” profilaktik tadbirlari o`tkazilmoqda
Jizzax viloyati hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, targ`ibot tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor-profilaktik tadbiri davom etmoqda.
Jizzax viloyati IIB JXX JTSB PPX bataloni xodimlari tomonidan mazkur tadbir doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jizzax shahar kunlik mehnat markazida tumanlar va boshqa viloyatlardan kelgan fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar olib borilayapti. Jarayonda yashash joyidan ro`yxatdan o`tish tartiblari, mehnat jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etish, har qanday qonunbuzarlik uchun javobgarlik muqarrarligi tushuntirildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik bo`linmalarining faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida qo`riqlanadigan ob’ektlar, korxona va tashkilotlar, ta’lim hamda sog`liqni saqlash muassasalarining qorovullik xizmati xodimlarining ish faoliyati ham o`rganilayotir. Idoraviy qorovullarga hududlarida xizmat olib boradigan patrul-post xizmati bataloni xodimlarining telefon raqamlari berilib, muntazam ravishda hamkorlikda ishlash, zarur hollarda aloqaga chiqishlari kerakligi etkazilayapti.
Shuningdek, aholi gavjum joylar, bog` va xiyobonlar hamda ko`ngilochar markazlarda fuqarolarga pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik, ularni sotish yoki sotib olish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo`lishi tushuntirildi.
Qisqasi, “Dolzarb 40 kunlik” doirasida ichki ishlar organlari xodimlari jamoat tartibini saqlash, transport vositalari serqatnov joylarda yo`l harakati xavfsizligini ta’minlash, probasiya nazoratida jazo o`tayotgan shaxslar bilan uchrashuvlar, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda jamoatchilik vakillari va mahalla fuqarolar yig`inlari faollari bilan hamkorlikda xavfsizlikni ta’minlash choralari ko`rilayotir.