Kun qahramoni: Mayor Azizbek Azimov
Mayor Azizbek Azimov 1984 yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida tug’ilgan. 2010 yilda Jizzax politexnika institutini tamomladi. Sohadagi faoliyatini 2004 yilda Sirdaryo viloyati SHirin shahar IIB huzuridagi qo’riqlash bo’linmasi xodimi lavozimida boshladi. SHundan so’ng Sirdaryo va Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda faoliyat ko’rsatdi. Ayni vaqtda Jizzax viloyati Zomin tumani IIOFMB boshlig’ining tarbiyaviy ishlar bo’yicha o’rinbosari.
Azizbek Azimov mas’uliyatli va tashkilotchi rahbar sifatida shaxsiy tarkibda obro’ qozongan. Qayerda ishlamasin, qonunbuzarliklarning oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni fosh qilishga qaratilgan tadbirlarni samarali tashkil etishga intiladi. Bugunda boshqarma boshlig’ining tarbiyaviy ishlar bo’yicha o’rinbosari sifatida xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar hamda ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan o’zgarishlar mazmun-mohiyatidan xabardor etib bormoqda.
Azizbek Azimov shaxsiy tarkibda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshiryapti. CHunonchi, xodimlar va ularning oila a’zolari ishtirokida yig’ilishlar o’tkazilib, xizmat intizomini buzish va qonunga zid hatti-harakatlarning oqibatlari tushuntirilayotir.
SHuningdek, mayor hamkasblarining yashash joylarida bo’lib, ularning turmush sharoitlari bilan tanishmoqda. O’rganish natijalariga ko’ra, sohaning ayrim vakillariga murabbiylar biriktirilib, joyi kelganda ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko’rsatilayapti. Azizbek Azimov xodimlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish choralarini ko’rmoqda. Jumladan, boshqarmada kitob yarmarkalari tez-tez tashkil etiladi.
U xodimlar o’rtasida sport musobaqalari uyushtirishga alohida e’tibor qaratayotir. Mayor tashabbusi bilan hamkasblariga ibrat bo’layotgan ichki ishlar organlari xodimlari rag’batlantirilayapti. Natijada joriy yilda xizmat intizomini buzish holati kuzatilmadi.
Azizbek Azimov jinoyat qidiruv sohasidagi tadbirlarda ham faol. Xususan, shu yilning 8 martida Zomin tumanining G’afur G’ulom mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyatining fosh etilishiga katta hissa qo’shdi. Mayorning namunali xizmati Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan munosib rag’batlantirilyapti. 2020 yilda esa u Ichki ishlar vazirligi tomonidan “A’lo xizmatlari uchun” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.