Kuyovboshida qurilish boshlandi
Jizzax viloyati SHarof Rashidov tumani “Kuyovboshi” qishloq fuqarolar yig’ini hududida ichki ishlar organlari xodimlari uchun turar joylar qurilishi boshlandi. SHu munosabat bilan IIB, loyihachi va qurilish korxonalari vakillari ishtirokida marosim uyushtirildi. Tadbir avvalida viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov barpo etilishiga kirishilgan ilk uyning poydevori ustiga birinchi g’ishtni qo’ydi.
So’ng yig’ilganlar qurilish jarayoni bilan tanishdilar. Quruvchilar bilan muloqot davomida turar joylarda yaratiladigan imkoniyatlar, elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi va oqova tizimlarini yuzaga keltirish borasida qilinajak ishlar tilga olindi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, barpo etilayotgan 104 ta uyning har biri 3 xona va 6 sotix maydonga ega bo’ladi. Turar joylarni joriy yil 25 oktyabr’ – Ichki ishlar organlari xodimlari kunida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.