Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish choralari ko`rilmoqda
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh
prokuratura, Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Favqulodda
vaziyatlar vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Soliq qo`mitasi, Milliy
gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar qo`mitasi,
O`zbekiston mahallalari uyushmasining shu yil 29 iyul kuni “Xavfsiz hudud va
mulkiy jinoyatlar profilaktikasi oyligi” maxsus profilaktik tadbirini o`tkazish
chora-tadbirlari bo`yicha yo`riqnomani tasdiqlash to`g`risida”gi qo`shma qarori
qabul qilindi. Shu asosida respublika miqyosida keng qamrovli “Xavfsiz hudud va
mulkiy jinoyatlar profilaktikasi oyligi” o`tmoqda.
Maxsus profilaktik tadbir doirasida Jizzax viloyatida
ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jizzax shahrida xizmatga jalb
etilgan huquq-tartibot, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida
yig`ilish tashkil etildi. Yo`riqnomada aholi osoyishtaligini saqlash,
kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar
belgilandi.
Ta’kidlash joiz, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar
xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish
ishlariga ichki ishlar boshqarmasining barcha kuch vositalari jalb etilgan.
Soha xodimlari hamkor tashkilotlar vakillari bilan birga mulkiy turdagi
jinoyatlarning oldini olish, aholini ogohlikka chorlash, ularning bu boradagi
huquqiy onggi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ`ibotlar
qilinmoqda. Shu ma’noda umumiy ovqatlanish shahobchalari, choyxona, restoran va
kafelar, savdo va ko`ngilochar majmualarda tadbirkorlar va fuqarolarga
o`g`irlik, firibgarlik kabi qonunbuzarliklardan ogoh bo`lish kerakligi targ`ib
qilindi.
Shuningdek, shahar IIB JXX probasiya guruhi
nazoratida jazo o`tayotgan mahkumlar hamda ma’muriy nazorat ostidagi shaxslar bilan
profilaktik suhbatlar qilindi. Tadbir davomida ovchilarning ov qurollarini qay
tartibda saqlayotgani ham ko`zdan kechirildi. Bundan tashqari qarovsiz
qoldirilgan turli buyumlar egalariga topshirilib, ularga ogoh bo`lish va
buyumlarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi etkazildi.
Tungi vaqtda bemaqsad yurgan shaxslar esa IIBlarga
olib kelinib, ular bilan profilaktik suhbat olib borildi. Nizoli fuqarolar
bilan esa muloqot chog`ida, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etishga
amaliy ko`mak berilayapti.