28 Sentyabr 2023 yil 1706

Mahallamiz 3- sektorda joylashgan

Oxirgi yillarda mahallamizda elektr, suv, gaz ta’minoti yaxshi emas edi. Yo`llar ham charchab qolgandi. Qishlog`imiz kichikligi hamda chekkada joylashgani uchun hech kim e’tibor bermayapti, degan xulosaga kelgandik. Yurtimizda islohotlar boshlangach, mahallamizda ham o`zgarishlar bo`lishiga inona boshladik. Bu ishonchni bizda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i uyg`otgan.

3- sektor rahbari mahallamizda ilk sayyor qabulini o`tkazishini eshitganimizda G`ayrat Qodirovni ilgari ko`rmaganligimiz uchun mazkur tadbirga biroz shubha bilan bordik. Ammo viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i hammamizda iliq taassurot qoldirdi. Gapimizni diqqat bilan eshitdi. Qo`lidan keladigan ishlarni bajarishga va’da berar, qiyinroqlariga muddat so`rardi. Samimiy, ochiq yuzli bo`lgani uchunmi, har bir so`ziga inondik.

Ko`p o`tmay mahallamiz yangilana boshladi. Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i rahbarligida uzunligi 15 va eni 25 metrlik 4 ta ko`prik qurildi. Hamqishloqlarimiz ham bu hasharda qatnashdilar. Natijada mahallamizdagi 3 ta qishloq aholisining uzog`i yaqin bo`ldi. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari yonilg`i ajratish va texnika jalb qilish yo`li bilan 6,8 kilometr uzunlikdagi ko`chalarimizga shag`al yotqizilishiga sababchi bo`ldilar. Shu yo`l bitguncha 3- sektor rahbari 5-6 marta keldi.

Keyin mahallamizda turli dasturlar asosida qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlanib ketdi. Jumladan, 1,5 kilometr yo`limizga beton, 800 metriga esa asfalt yotqizildi. 140 ta beton ustun o`rnatilib, 5 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog`i yangilandi. 2 ta elektr transformatorlari ta’mirlandi. 600 metrlik piyodalar yo`lakchasi qurildi. Ko`chalarga 1,5 kilometr uzunlikda beton ariqlar o`rnatildi.

1,5 kilometr uzunlikda quvur tortilib, ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. 4 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo`lga qo`yildi. O`rta umumta’lim maktabimiz rekonstruksiya qilinib, 1 hamda 2,5 kilometr olisdagi qishloqlarda yashovchi o`quvchilarni tashish uchun avtobus ajratildi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig`ini binosi ta’mirdan chiqarildi, qishloq vrachlik punkti faoliyati yo`lga qo`yildi.

3- sektor rahbari esa sayyor qabul o`tkazishni kanda qilmasdi. Ana shu muloqotlar natijasida ko`pchilik ish qurollariga ega bo`ldi. Anchagina odamga davolanish uchun orderlar ajratildi. Yana bir qanchasiga kredit olishda ko`maklashildi va ular o`z tadbirkorliklarini yo`lga qo`yishdi. Xususan, ikki nafar hamqishlog`imiz hovlisida baliqchilik xo`jaligi ochishgan.

Nuriddin Karimov ismli hamqishlog`imiz ota-onasiz qolgan 3 nafar nabirasini boqayotganligidan xabar topgan G`ayrat Qodirov ularning holidan xabar olishga borganida turar joyning ta’mirga muhtojligini ko`rib, ushbu oilaga yordam qilish to`g`risida topshiriq berdi. Yana hashar qilindi. Ichki ishlar organlari xodimlari qurilish mahsulotlari va ustalarni olib kelishdi.

Ko`p o`tmay Nuriddin Karimovning oilasi uchun 5 xonali uy barpo etilib, mebel va anjomlar bilan ta’minlandi. Bayramlarda 3- sektor rahbarining o`zi kelib, ularga oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari berib ketadi. Bunday yaxshilikni yuragi toza, saxovatli odamlargina qila oladi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i sayyor qabullarda telefon raqamini aytadi, “Muammo bo`lsa, qo`ng`iroq qiling”, deydi. Shu bois qishloqdoshlarimiz qiyin vaziyatlarda yordam so`rashdan tortinmaydilar. Chunonchi, murojaatlarimiz asosida 2023 yilning boshida qattiq sovuq bo`lgan kunlari ichki ishlar organlari xodimlari boshchiligida ehtiyojmandlarga tekinga, aholiga esa arzon narxda ko`mir tarqatildi. Tabiiyki, ko`rsatilayotgan barcha yordam uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`idan minnatdormiz. Qisqasi, mahallamiz 3- sektor hududida joylashganidan mamnunmiz. 


Xolboy TOShQULOV,

Jizzax viloyati  Paxtakor tumani Nurli pangat mahalla fuqarolar yig`ini.

Text to speech