Maxsus otryad tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” o’tkazildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, boshqarma tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi hamda Ichki ishlar vazirligi maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Jizzax viloyati maxsus otryadi tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri uyushtirildi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi hamda Jizzax shahridagi 6- sonli ixtisoslashtirilgan davlat o’rta umumta’lim maktabi o’quvchilari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida so’zga chiqqanlar yurtimizda yoshlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor berilayotgani, ta’lim va tarbiya jarayonlari, o’tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bu borada muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar, xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar ham tilga olinib, sohaviy xizmatlarning maxsus texnikalari, qurol-aslaha, maxsus hamda aloqa vositalari haqida ma’lumot berildi. So’ngra tadbir qatnashchilari jinoyatchilikka qarshi kurashishda foydalaniladigan jangovar texnika, qurol-aslahalar, ularning xususiyatlari bilan yaqindan tanishtirildi. Ayniqsa, shubhali va portlovchi qurilmalarni xavfsiz joyga olib chiqishda foydalaniladigan masofadan boshqariluvchi uskuna yoshlar qiziqishiga sabab bo’ldi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi o’nayotgan avlodni jangovar texnikalar, qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishtirish barobarida mard va jasur xodimlarning yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo’lidagi xizmatlarini targ’ib etishga qaratilgan. Ichki ishlar organlarida o’tkazilayotgan “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasidagi tadbir davomida soha xodimlari yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.
Ochik eshiklar kuni tadbirida patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish bo’limi xodimlari ko’rgazmali chiqishi orqali xizmat itlari yordamida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yashirilgan qurolni qidirib topish ko’nikmalarini ko’rsatib berdilar. Bundan tashqari, yoshlar Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni ham ko’zdan kechirdilar.
Qisqasi, o’tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” ichki ishlar organlarining xizmat faoliyati, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashda erishilayotgan yutuqlari bilan tanishish imkoniga ega bo’ldilar.