21 Oktyabr 2021 yil 616

Mahkumlarga ID kartalar rasmiylashtirildi

Mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muasasalarida jazo muddatini o’tayotgan mahkumlar orasida fuqarolik pasportiga ega bo’lmagan, shuningdek pasportining amal qilish muddati o’tgan shaxslar yangi namunadagi ID kartalar bilan ta’minlanmoqda. Xuddi shunday tadbir Zafarobod tumanidagi 30- son manzil koloniyasida o’tkazildi. Tadbir avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari mahkumlarga hayotimizga yangidan joriy qilingan ID kartalarning ahamiyati, ularni rasmiylashtirish va foydalanish tartibi to’g’risida ma’lumotlar berishdi.

SHuningdek, tadbirda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti uchinchi mintaqaviy hudud mas’ullari mahkumlarning muammolarini o’rgandilar. Qabulda jazo o’tayotgan shaxslarning masalalari atroflicha o’rganilib, ularni joyida hal etish choralari ko’rildi. SHundan so’ng ID karta uchun suratga olish, maxsus moslamaga elektron imzo va barmoq izlarini joylash amaliyoti bajarildi.

Mazkur tadbirda ma’lum sabablarga ko’ra fuqarolik pasportiga ega bo’lmagan 18 nafar mahkumga ID karta rasmiylashtirildi.

YAngi ID-kartaga ega bo’lgan mahkumlar 24 oktyabr kuni bo’lib o’tadigan muhim siyosiy jarayon, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etib, o’zlari tanlagan nomzodga ovoz berish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Text to speech