Mahkumlarni foydali mehnatga jalb etish maqsadida o’quv kurslari tashkil etildi
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamenti 3- mintaqaviy hudud 29-manzil koloniyasida jazo muddatini o’tayotgan mahkumlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, ularga kasb sirlarini o’rgatish maqsadida o’quv kurslari tashkil etilmoqda. Ushbu kurs qatnashchilari viloyat “Hunarmand” uyushmasi mutaxassislari tomonidan yog’och o’ymakorligi, metalldan buyumlar yasash va tikuvchilik kabi yo’nalishlarda ham nazariy, ham amaliy bilim olishadi.
Kursni muvafaqiyatli tamomlagan navbatdagi 24 nafar bitiruvchilarga sertifikat topshirish tadbiri o’tkazildi. Tadbirda hunar egasi bo’lganlar ozodlikka chiqqandan keyin tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari, uni rivojlantirishda mazkur sertifikatning ahamiyati tushuntirildi. SHuningdek, bugungi kunda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, ularga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar ma’lum qilindi.
Ta’kidlash joiz, mazkur kurslar mamlakatimiz rahbarining 2019 yil 29 yanvardagi “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni mehnat bilan bandligini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori hamda Respublika “Hunarmand” uyushmasining 2019 yil 25 fevraldagi “Jazoni ijro etish tizimida “Ustoz-shogird” maktablari faoliyatini tashkil etish tartibi to’g’risidagi Nizomini tasdiqlash to’g’risidagi”gi qo’shma qarori asosida tashkil etilgan.