2 Aprel 2022 yil 521

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir “Elektron davlat xizmatlari” mavzusiga bag’ishlandi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi barcha sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etgan yig’ilishda Jizzax shahar davlat xizmatlari markazi mas’ullari “Elektron davlat xizmatlari” mavzusida ma’ruza qilishdi. Notiqlarning qayd etishicha, 2017 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat xizmatlari ko’rsatish milliy tizimini tubdan isloh etish sari dadil qadam qo’yilib, o’tgan davr mobaynida bu borada qator ishlar amalga oshirilgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda bugungi kunda 200 ta davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritib, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali 253 dan ziyod xizmatlar ko’rsatayapti. Davlat xizmatlari agentligi servis sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligini ta’minlash, sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to’siqlarga yo’l qo’ymaslik yuzasidan doimiy monitoring olib borayotgani jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko’rsatishning samarali faoliyat yuritishida muhim omil bo’layapti.

Yig’ilishda ichki ishlar organlari tomonidan ko’rsatib kelingan ko’plab xizmatlar ham raqamlashtirilgani, bu o’z navbatida ovoragarchiliklarga barham berish, to’lovlarni to’lash kabi qator qulayliklar yaratdi.

Ma’naviyat va ma’rifat darsida axborot xavfsizligini ta’minlashga oid ma’ruza o’qildi. Mazkur jarayonda davlat organlarida ma’lumotlarni himoyalashning usul va vositalari hamda bu yo’nalishdagi ilg’or tajribalar haqida to’xtalib o’tildi.

Tadbir davomida ichki ishlar organlari faxriylari so’zga chiqib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. SHuningdek, ular tomonidan ustoz-shogird an’anasini kuchaytirish, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga oid taklif va tavsiyalar bildirildi. Soha vakillari Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishga, ichki ishlar organlari xodimi formasiga zarra dog’ tushirmaslikka chaqirildi.

SHundan so’ng viloyat huquq-tartibot organlari xodimlari o’rtasida stol tennisi bo’yicha o’tkazilgan musobaqada yakkalik va umumjamoa hisobida yuqori natijalarni ko’lga kiritgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi jamoasiga diplom va sovg’alar topshirildi. Tadbirda qonunchilikdagi yangiliklar haqida ham ma’lumotlar berildi.

Ma’naviyat va ma’rifat darsida mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 2 apreldagi qarori asosida “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi” tasdiqlanganligining 1 yilligi munosabati bilan viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazi, O’zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, yoshlar ishlari agentligi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi va O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo’limi rahbarlariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

Ma’naviyat va ma’rifat darsi respublika ichki ishlar vazirining o’rinbosari – ma’naviy ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig’i, general-mayor Azizbek Ikramov rahbarligida o’tgan “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasining yutuqlari va istiqbollari” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanga ulanib ketdi. Videoselektor tarzida tashkil qilingan tadbirda shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari shaxsiy tarkibi ham qatnashdi.

Anjumanda ichki ishlar organlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy jabhada amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi va kelgusida bajarilishi lozim bo’lgan vazifalar yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

Text to speech