Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda munosiblar taqdirlandi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Geosiyosiy manfaatlar to’qnashuvi va mafkuraviy kurash” mavzusida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir uyushtirildi.
Tadbir avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlarning shayligini ko’zdan kechirish maqsadida saf ko’rigi va tantanali yurish mashg’uloti o’tkazildi.
Saf ko’rigi davomida xodimlarning xizmat vaqtidagi tashqi ko’rinishi, xizmat kiyimlari, zarur hujjat va anjomlari ko’zdan kechirildi. Mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo’yicha mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Tadbir shaxsiy tarkibning tantanali yurishi bilan yakunlandi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Jizzax davlat pedagogika instituti prorektori Sarvar Nazarqosimov “Geosiyosiy manfaatlar to’qnashuvi va mafkuraviy kurash” mavzusida ma’ruza qildi. Notiq o’z so’zida bugun globallashayotgan dunyoda geosiyosat davlatlararo aloqalarga, o’z navbatida, xalqaro munosabatlarga sezilarli ta’sir o’tkazayotgani, har bir davlat xalqaro munosabatlarda o’z manfaatlari ustuvorligiga erishish maqsadida barcha imkoniyatlarini ishga solishga, kuch-qudratidan foydalanishga harakat qilayotgani haqida to’xtaldi.
SHuningdek, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, mafkuraviy-axborot va boshqa usullar orqali o’zga hududlarni ta’sir doirasiga olish amaliyoti, keskin kurash va manfaatlar to’qnashuvi kuchayib, milliy o’zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan bugungi davr har birimizdan oqillik, hushyorlik va faollikni talab qilishi ta’kidlandi.
Yig’ilishda O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo’limi yetakchi mutaxassisi Salim Komilov O’zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning hayoti va ijodi xususida so’z yuritdi. Tadbir davomida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shoir she’rlaridan o’qildi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalari o’quvchilari va kursantlari o’rtasida “Jangovar tayyorgarlik bo’yicha ko’rgazmali chiqishlar” tanlovida vazirlikning Jizzax akademik litseyi o’quvchilari 3- o’rinni egallaganligi uchun diplom va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandi. SHuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari, barcha shahar va tuman ichki ishlar bo’limlari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari va Jizzax akademik litseyi o’quvchilari, soha faxriylari o’rtasida o’tkazilgan “Zakovat” intellektual o’yini g’oliblari ham munosib rag’batlantirildi.