7 Mart 2022 yil 522

Manzil koloniyada ma’naviy-ma’rifiy tadbir

Inson adashib yoki bilib-bilmay xato qilishi mumkin. Qonunni buzgan shaxs belgilangan jazo muddatini o’tash davrida qayta tarbiyalanadi, ma’naviy bilimi oshiriladi. SHu ma’noda, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti uchinchi mintaqaviy hudud 30- son manzil koloniyasida mahkumlar kelgusida takror jinoyat sodir etmasliklari, tuzalish yo’liga o’tib, jamiyatda o’z o’rinlarini topishlari va ularning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida turli tadbirlar o’tkazilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, navbatdagi shunday tadbirda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi diniy ishlar bo’yicha qo’mitaning Zafarobod tuman bo’limi bosh mutaxassisi hamda xalq deputatlari tuman kengashi deputati yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar xususida so’z yuritishdi.

Ta’kidlanganidek, mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o’zligimiz, inson haq-huquq va qadr-qimmatini tiklash, urf-odat va an’analar, buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur tadqiq qilish va davom ettirish, sog’lom va barkamol avlodni tarbiyalash imkonini berdi. Tadbir davomida yolg’on va puch g’oyalar bilan sug’orilgan, aslida niyati qo’poruvchilik, buzg’unchilikni ko’zlagan diniy oqimlarning vayronkorliklari haqida ham fikrlar bildirildi.

Bundan tashqari, yurtimizda yosh avlodning ilm olishi uchun yaratilayotgan qulayliklar ham tilga olindi. Tadbir davomida mahkumlar mavzu yuzasidan o’z fikrlarini bildirishib, qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Albatta bu kabi tadbirlar sog’lom muhit barqarorligini saqlash, mahkumlarning o’zligini anglashlari hamda qat’iy tuzalish yo’ligi o’tishlariga xizmat qiladi.

Text to speech