Mashg’ulotlar ko’nikmalarni mustahkamlaydi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashining yig’ilishi o’tkazildi. Tadbirda sohada xizmat qilayotgan ayol xodimlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, bu boradagi faoliyatni samarali tashkil etish masalasi ko’rildi. SHuningdek, “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida o’quv mashg’ulotlari uyushtirildi.
Viloyat ichki ishlar organlarida xotin-qizlar yigitlar bilan tengma-teng xizmat qilib, yurt osoyishtaligini ta’minlash, qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga o’zlarining hissalarini qo’shishmoqda. Ularning xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy psixologik tayyorgarligini oshirish maqsadida doimiy mashg’ulotlar tashkil qilinayotir.
Xususan “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida saf tayyorgarligi mashg’ulotlari uyushtirildi. Mashg’ulotda O’zbekiston Respublikasi saf nizomi, safda turish, yurish qoidalari, saflar va ularni boshqarish, safdan chiqish, axborot berish va safga qaytish, saf bo’lib harakatlanish tartibi amaliy tarzda bajarildi. SHuningdek, saf ko’rigi ham o’tkazildi.
Bundan tashqari qurollar, ularning turlari, foydalanilishi va xavfsizlik qoidalariga rioya etish tartiblari va xususiyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Qurollarni to’liqsiz qismlarga ajratish va yig’ish mashqlarida yuqori natijaga erishgan ichki ishlar organlari xotin-qizlari o’q otish mashqlarida o’zlarini namoyon etishdi.
Aytish joiz, ichki ishlar organlari xodimlari “Donor qoni – hayot baxsh etadi” shiori ostida donorlik xayriya aksiyasida ham qatnashdilar. CHunonchi, bu xayrli ishda soha xotin-qizlari faollik ko’rsatishdi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashining yig’ilishida viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan hamda Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi xotin-qizlari ishtirok etdilar. Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev so’zga chiqib, ayol xodimlarga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar, erishayotgan yutuqlarini qayd etdi. SHu qatorda yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar ham tilga olindi.
Ta’kidlandiki, O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi qonun, davlatimiz rahbarining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog’lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo’llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni, Vazirlar mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda tumanlarda xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to’g’risida”gi qarori, ichki ishlar vazirining buyrug’i asosida joriy yilning 31 oktyabr kuni boshqarma boshlig’ining buyrug’i bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilgan. Ushbu kengashning asosiy maqsadi tizimda faoliyat yuritayotgan ayol xodimlar bilan ishlashni yangi bosqichga ko’tarish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Yig’ilishda jamoatchilik kengashi raisi va a’zolari ham tanishtirilib, ichki ishlar organlarining barcha bo’g’inlarida xodimbay ishlash tizimini amaliyotga joriy etish, galdagi vazifalar xususida so’z bordi. SHuningdek, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti o’rtasida o’zaro hamkorlik memorandumi yig’ilish ishtirokchilariga yetkazildi.
Tadbir so’nggida bir guruh ayol xodimlarning samarali mehnati e’tirof etilib, tashakkurnomalar topshirildi.