Mas’ullar ijtimoiy va iqtisodiy soha ob’yektlari faoliyati bilan tanishdi
DXX Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig’i, polkovnik Olim Boboyev hamda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov bir qator ishlab chiqarish va ijtimoiy soha ob’yektlarining faoliyati bilan tanishdilar. Jumladan, ular Baxmal tumanidagi 120 ta ish o’rniga ega “Baxmal natural juice” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo’ldilar. Yiliga 3 ming tonna meva qiyomi tayyorlanayotgan ushbu korxonaning 3,5 million AQSH dollari qiymatidagi mahsuloti xorijga eksport qilinmoqda.
SHuningdek, mas’ullar gidroponika usulida 500 tonna pomidor yetishtirish quvvatiga ega “Melon trade” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bordilar. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur issiqxona barpo etilishi uchun 12,9 milliard so’m yo’naltirilgan. Muloqot jarayonida baxmallik ishbilarmonlar ishlab chiqarishni kengaytirishga oid rejalari bilan o’rtoqlashdilar. O’z navbatida hududni obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish va aholi tadbirkorligini qo’llab-quvvatlash yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Viloyat IIB va DXX viloyat boshqarmasi rahbarlari G’allaorol tumanidagi bir nechta ta’lim muassasalari faoliyati bilan ham tanishdilar. YA’ni, ta’lim sifatini oshirish, o’qish sharoitlarini yaxshilash, yoshlarning mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalalariga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari narxlar barqarorligini ta’minlash nuqtai nazaridan qishloq xo’jaligi mahsulotlari zaxiralari saqlanayotgan omborxonalar ko’zdan kechirildi.
Jizzax viloyati IIB axbort xizmati