30 Mart 2022 yil 635

Mas’ullar tomonidan manzilli profilaktika tadbirlari o’tkazildi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan SHarof Rashidov tumani ichki ishlar bo’limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi mas’ul xodimlarining xizmat faoliyati o’rganildi. Asosiy e’tibor avval sudlanib ma’muriy nazorat ostida turgan va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan olib borilayotgan manzilli profilaktik tadbirlarga qaratildi. Xususan, ular bilan suhbat chog’ida sog’lom turmush tarziga qaytish, belgilangan tartibga amal qilishlari lozimligi uqtirilib, profilaktik hisob muddati tugagan shaxslarni hisobdan chiqarish choralari ko’rildi.

O’rganishlar davomida probatsiya guruhi hisobida jazo o’tayotgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, muammolarini o’rganish va hal etish, bandligini ta’minlash orqali qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga ham e’tibor qaratildi. CHunonchi, axloq tuzatish ishlari jazosini o’tayotgan mahkum tuman aholi bandligiga ko’maklashish markazi bilan hamkorlikda ishga joylashtirildi. SHu qatorda bir necha ochiqda jazo o’tayotgan shaxslarning sud hukmi bilan belgilangan talablarga rioya qilishi, yashash sharoiti va mavjud muammolarini hal etishga ham diqqat qilindi.

SHuningdek, profilaktika inspektorlari xizmat faoliyati va yurituvidagi hujjatlari ko’zdan kechirilib, amaliy yordamlar ko’rsatildi. Mahalla raisi va uning o’rinbosari, hokim yordamchilari bilan birgalikda aholi bilan suhbatlar uyushtirildi. Fuqarolarning mavjud masalalarini bartaraf etish bo’yicha mutasaddilarga mas’uliyat yuklatildi.

Tungi vaqtlarda tuman ichki ishlar bo’limi voyaga yetmaganlar va voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqbuzarlar profilaktikasini tashkil etish guruhi inspektorlari tomonidan aholi gavjum joylar, kafe va restoranlarda reyd tashkil etildi. Aniqlangan holatlar bo’yicha tegishli tartibda mas’ullar ogohlikka chaqirilib, voyaga yetmaganlarning huquqlari yetkazildi.

Tadbir davomida viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlarining amalga oshirgan ishlari va yo’l qo’ygan kamchiliklari muhokama qilindi. Yig’ilishda hududda huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi osoyishtaligini ta’minlash borasida qilinadigan ishlar tahlil etildi. Mavjud kamchiliklarni hal etish va xizmati faoliyati samaradorligini oshirish bo’yicha vazifalar belgilab olindi.

Text to speech