Mehnat migrantlarining muammolari va oilasini qo’llab-quvvatlash muhokama qilindi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida mamlakatimiz rahbarining shu yil 1 martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo’llab-quvvatlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar muhokamasiga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi.
Videoselektr tarzidagi yig’ilishda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi, shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari rahbarlari, mutasaddi idora va tashkilotlar mas’ullari ishtirok etishdi.
Tadbirda bugungi kunda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy qo’llab-quvvatlash tizimini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so’z bordi. SHuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo’llab-quvvatlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorida belgilangan vazifalar hamda yurtboshimiz rahbarligida o’tkazilgan videoselektr yig’ilishda bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, xorijda mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish ko’lamini oshirish, ish joylaridagi muammolarini tizimli ravishda o’rganish va ularni hal qilish bo’yicha zarur amaliy yordam ko’rsatish borasida qator ishlar qilinmoqda. SHu qatorda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash, iqtisodiy qo’llab-quvvatlash, farzandlariga kasb-hunar sirlarini o’rgatish va tadbirkorlik loyihalarini qo’llab-quvvatlash bilan birga ularni turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish lozimligi aytildi.
Yig’ilishda noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish, fuqarolarning xorijda bo’lib turgan davrida zo’ravonlik, majburiy mehnat va tahqirlanishga duchor bo’lgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, og’ir kasallikka chalingan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yoki mablag’siz qolgan yurtdoshlarimizga yordam ko’rsatish bo’yicha galdagi vazifalar belgilandi. Bu borada mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlanib, mas’ullarga vazifalar yuklatildi.