Muammolarga yechim topilmoqda
Jizzax viloyatining G’allaorol tumani Lalmikor mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Ozod hamda Ozoda Qarshiboyevlar oilasi ehtiyojmandligi tufayli “Temir daftar”ga ro’yxatga olingan edi. Mazkur oilaning iqtisodiy holatini yaxshilash maqsadida joriy yilning iyul’ oyida 3- sektor mas’ullari tomonidan ularga har biri mingta jo’ja ochish quvvatiga ega 2 ta inkubator ajratildi. SHuningdek, Qarshiboyevlar ish haqi va jo’ja boqish uchun ozuqa bilan ta’minlanmoqda. Olingan jo’jalar 3- sektor hududidagi aholiga tarqatilayotir. Qisqasi, yaqingacha “Temir daftar”da turgan oila bugun boshqalarni iqtisodiy qo’llab-quvvatlamoqda.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov G’allaorol tumanida bo’lganida aholini iqtisodiy qo’llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha bilan atroflicha tanishdi va hududda yashovchi fuqarolar bandligini ta’minlash bo’yicha o’z tavsiyalarini berdi.
SHundan so’ng Marjonbuloq shaharcha fuqarolar yig’inida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi mas’ullarining sayyor qabuli bo’lib o’tdi. Muloqotda Marjonbuloq, Qipchoqsuv, Gulchambar, Jiydali, Korizquduq, Oqtosh, Lalmikor, Samarqand fuqarolar yig’inlari aholisi ishtirok etdi. Tadbir avvalida 3 nafar yoshga “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kredit, yana 2 nafar yoshga subsidiya asosida suv nasoslari olish vakolatini beruvchi sertifikatlar topshirildi. 14 nafar ehtiyojmand oila vakillari esa 3- sektor mas’ullaridan elektr pechlarini qabul qilib olishdi.
Muloqotda mahallabay ishlash tizimida faollik ko’rsatgan 5 nafar ichki ishlar organlari xodimi tashakkurnomalarga ega bo’ldilar. Bundan tashqari 16 yoshga to’lgan bir guruh yoshlarga tantanali ravishda shaxsni tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi. SHuningdek, 2 kishining O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lish bilan bog’liq uzoq yillik orzulari ushaldi.
Sayyor qabul davomida 20 dan oshiq fuqaro tomonidan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, qishloq vrachlik punktini ta’mirlash, tibbiy ko’mak ko’rsatish, turar joy qurilishi, uy ta’miri, ishga joylashish, tadbirkorlik, uy sotib olish uchun imtiyozli kredit va yer maydoni olish, sel yo’lida ariq kovlash, suyultirilgan gaz, nafaqa, moddiy yordam bilan ta’minlash kabi masalalar yuzasidan murojaatlar qilindi. Faqat muammolar bayon etilmasdan qilingan ishlar uchun tashakkur ham bildirildi. Xususan, Qipchoqsuv mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Omon Jabborov G’allaorol tumani IIB otalig’idagi qishloq maktabida amalga oshirilgan ta’mir bois 3- sektor vakillaridan minnatdorlik izhor etdi.
Sayyor qabulda ko’tarilgan har bir muammo bo’yicha tegishli mas’ullar biriktirilib, hal etish choralari belgilandi. 3- sektor rahbari tomonidan bu kabi muloqotlar viloyatning barcha hududlarida o’tkazilmoqda.