Muammolarni birgalikda hal qilamiz
SH.Rashidov tumani IIBda probatsiya guruhi nazoratida jazo o’tayotgan shaxslar uchun sayyor qabul o’tkazildi. Jizzax viloyati IIB JXX probatsiya bo’limi tomonidan tuman IIB bilan hamkorlikda uyushtirilgan tadbir avvalida ochiqda jazo o’tayotgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik loyihalarini qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida so’z bordi.
Muloqot davomida mahkumlar o’zlarini qiynayotgan qator masalalarni hal etishda amaliy yordam so’rashdi. Bayon etilgan har bir muammo hamkor tashkilotlar vakillari bilan o’rganilib, hal etish choralari belgilandi.
Ta’kidlash joiz, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi “Ichki ishlar organlari Probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorida probatsiya nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko’rsatish, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va tegishli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish maqsadida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikdagi faoliyat mexanizmlari belgilab berilgan.
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan Jizzax shahrida bo’lib o’tgan sayyor qabulda nazorat ostidagi shaxslar salomatligini tiklash, bandlik, tadbirkorlik faoliyati uchun kredit ajratilishi, uy-joy va jazodan ozod qilish yoki yengillashtirish kabi masalalarda ko’mak zarurligini aytishdi. Ko’tarilgan masalalarni bartaraf qilish nuqtai nazaridan chora tadbirlar belgilab olindi.
“Muammolarni birgalikda hal qilamiz” mavzusidagi tadbir Baxmal tumanida ham tashkil etildi. Tadbir davomida ahloq tuzatish, muayyan huquqdan mahrum qilingan, ozodlikni cheklash jazolarini o’tayotgan shaxslarning maslalarini o’rganish asnosida ularga kelgusida qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmaslik kerakligi tushuntirildi.
Mahkumlarning ish va yashash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash hamda muammolarini o’z vaqtida bartaraf etishga qaratilgan sayyor qabullar barcha tumanlarda uyushtirilmoqda.