17 Avgust 2021 yil 657

Sermazmun muloqot

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Ichki ishlar organlarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarni rag’batlantirish borasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzuida matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uyushtirilgan tadbir avvalida mavzu yuzasidan Jizzax viloyati IIB boshlig’ining o’rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig’i, polkovnik Olimjon Abdullayev chiqish qildi.

Notiq mamlakatimizda, xususan Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek so’nggi yillarda qabul qilingan sohaga oid huquqiy hujjatlar haqida to’xtalib o’tdi. Tadbir davomida ichki ishlar organlariga kadrlarni tanlash, ularni munosib lavozimga qo’yish, shaxsiy tarkibning xizmat, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, o’qitish, boshlang’ich hamda qayta tayyorlovdan o’tkazish, malakasini oshirish bo’yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, IIV akademiyasi kunduzgi ta’lim shakliga 197 nafar nomzodning hujjatlari rasmiylashtirilgan. Ushbu nomzodlarning 35 nafariga IIV akademiyasi tinglovchilari safidan joy olish nasib etgan. 81 nafar xodim esa IIV akademiyasi sirtqi ta’lim fakul’tetida o’qish istagini bildirganligi bayon qilindi.

IIV malaka oshirish institutining sayyor o’quv yig’inlarida 395 nafar xodim o’z bilim va ko’nikmalarini oshirgan. Bundan tashqari Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishlari asosida Jizzax viloyati IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadining 16 nafar hamda sohaviy xizmatlarning 6 nafar xodimi IIV maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi maxsus tayyorgarlik o’quv markazida, Jizzax viloyati IIB patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining 45 nafar rahbar va xodimlari Toshkent shahar IIBB patrul’-post xizmati brigadasi va ichki ishlar organlari xodimlarining boshlang’ich tayyorgarlik va malakasini oshirish markazida tashkil etilgan o’quv kurslarida ishtirok etganligi aytildi.

SHuningdek, 2021 yilning fevral’ oyidan boshlab Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yo’l harakati xavfsizligi, tergov va transportda xavfsizlikni ta’minlash sohaviy xizmatlari xodimlari bosqichma-bosqich Jizzax viloyatining SHarof Rashidov tumanidagi harbiy qismda ikki haftalik maxsus kasbiy tayyorgarlik o’quv yig’inida qatnashayotganligi bildirildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar masalalari bo’yicha inspektorlar esa joriy yilning 1-5 mart kunlari Ichki ishlar vazirligi malaka oshirish instituti Jizzax filialida bilim va kasbiy mahoratlarini mustahkamlashgan. Xuddi shunday, Jizzax viloyati IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo’limining 4 nafar xodimi O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda IIV terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi o’quv kurslariga malaka oshirish uchun yuborilgani ma’lum qilindi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy salohiyatini oshirish maqsadida muntazam ravishda sport mashg’ulotlari, “10 ming qadam” aksiyasi hamda qutlug’ sanalar munosabati bilan musobaqalar uyushtirilgan. Soha vakillarining jangovar qurollardan foydalanishga oid ko’nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mashqlar va taktik mashg’ulotlar ham tez-tez o’tkazilayotgani aytildi. SHahar va tumanlar IIB xodimlari uchun 16 ta “Workout” maydonchalari tashkil etilgan. Amaliyot o’tash uchun kelgan IIV akademiyasi kursantlarining bilim va malakalarini oshirish samarali yo’lga qo’yilgan.

Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tizimida qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida faollik ko’rsatayotgan xodimlar izchil rag’batlantirilayotgani ta’kidlab o’tildi. Xususan, joriy yilning o’tgan davrida 18 nafar xodim faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. 41 nafar xodimning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirilgan. YAna bir qancha xodimlarga pul mukofotlari ajratilgan. 

Joriy yilda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining “Zomin” sog’lomlashtirish oromgohi kapital ta’mirlangani, bu esa ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining yozgi ta’tilni mazmunli o’tkazishlari uchun omil bo’layotgani bayon qilindi. SHuningdek, xastalikka chalingan 31 nafar soha faxriylari holidan tez-tez xabar olinayotgani bildirildi.

Tadbirda respublikamiz Prezidenti tashabbusi bilan ichki ishlar organlari xodimlari uy-joy bilan ta’minlanayotgani, ijarada yashaydigan soha vakillarining ijara to’lovlari kompensatsiya qilinayotgani e’tirof etildi. Matbuot anjumani davomida OAV xodimlari o’zlarini qiziqtirgan savollarga soha mas’ullaridan javoblar olishdi. Jurnalistlarni jinoyatlar sodir etilishiga yo’l qo’ymayotgan profilaktika inspektorlarini rag’batlantirish, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat sharoitlari, ular foydalanadigan imtiyozlar, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash kabi masalalar qiziqtirdi.

SHundan so’ng OAV vakillari Jizzax viloyati IIB axborot xizmati, 102 avtomatlashtirilgan ma’lumotlar tizimi, viloyat IIB kutubxonasi faoliyati hamda ruhiy yengillashtirish xonasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’ldilar. 

Text to speech