“Namunali huquq-tartibot maskanlari” tanlovining viloyat bosqichi g`oliblari taqdirlandi
Jizzax viloyati musiqali drama teatrida “Namunali mahalla
huquq-tartibot maskanlari” ko`rik tanlovining viloyat bosqichi g`oliblarini
taqdirlash marosimi o`tkazildi.
G`oliblarni taqdirlash avvalida viloyat hokimi o`rinbosari Akmal
Savurboev mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, aholi va jamoat
birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan
ishlar xususida so`z yuritdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat kambag`allikni qisqartirish
va bandlik bosh boshqarmasi, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi,
viloyat teleradiokompaniyasi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi
viloyat bo`limining qo`shma qarori asosida o`tkazilgan tanlov natijalariga
ko`ra Do`stlik tumani “Saritepa” MFY hududidagi 10-sonli mahalla huquq-tartibot
maskani birinchi o`rinni egalladi.
Forish tumani “Xonbandi” ShFY hududidagi 11-sonli hamda G`allaorol
tumani “Marjonbuloq” ShFY hududidagi 13-sonli mahalla huquq tartibot maskanlari
ikkinchi va uchinchi o`rinlarga munosib deb topildi. Profilaktika katta
inspektorlari, mayor Ilg`om Shodmonov, mayor Oybek Urishev, mayor Ziyodulla
Xolmurodovlarga tashkilotchilarning esdalik sovg`alari va respublika bosqichiga
yo`llanma topshirildi.
Bundan tashqari, “Eng fidoyi sektor rahbari”, “Eng faol profilaktika
inspektori”, “Eng faol mahalla fuqarolar yig`ini raisi», “Eng namunali
xotin-qizlar faoli», “Eng faol hokim yordamchisi”, “Eng faol yoshlar
etakchisi”, shuningdek, xotin-qizlar, voyaga etmaganlar masalalari bo`yicha
hamda probasiya guruhi, patrul-post xizmati, yo`l-patrul xizmati
inspektorlarining eng faollari ham munosib rag`batlantirildi.
Tadbir davomida viloyat madaniyat xodimlari tomonidan konsert dasturi
namoyish etildi.