22 Mart 2021 yil 911

Navro’z – milliy qadriyatlar tantanasi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida Navro’z umumxalq bayrami munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlari ishtirok etgan tadbir avvalida boshqarma boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Navro’z umumxalq bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonovning bayram tabrigini o’qib eshittirdi. Boshqarma boshlig’i o’z so’zida Navro’zi olam azal-azaldan keng nishonlanib, insonlar o’rtasida mehr-muruvvat, diyonat, adolat va insoniylik tamoyilini targ’ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, barchani bayram bilan muborakbod etdi.

Tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirining buyrug’i asosida bir guruh xodimlari ichki ishlar organlarida ko’p yillik fidokorona xizmatlari, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish ishlariga qo’shgan munosib hissasi uchun ko’krak nishonlari, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg’alari bilan taqdirlandi.

Xuddi shunday, yana bir qator soha vakillari viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg’alari topshirildi.

Navro’z umumxalq bayrami munosabati bilan 10-14 mart kunlari ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari, manzil koloniyalari, transportda xavfsizlikni ta’minlash bo’limi, Jizzax shahar va Zomin tuman ichki ishlar organlari faoliyatni muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda barcha tuman ichki ishlar bo’limlari, IIV Jizzax akademik litseyi jamoalari o’rtasida sportning futbol turi bo’yicha musobaqalar o’tkazilgan edi. Yig’ilishda mazkur musobaqa g’oliblariga medallar va kubok taqdim etildi.

Ma’rifiy tadbirda “Navro’z – milliy qadriyatlar tantanasi”, shoir Sa’dulla Hakimning hayoti va ijodi xususida ham ma’ruzalar tinglandi. Ijodkor asarlarida yoshlik va bahor tarannum etilgani ta’kidlandi.

Tadbir ichki ishlar organlari xodimlariga bayramona kayfiyat ulashib, bundan keyin ham yurt osoyishtaligi yo’lida bor bilim va salohiyatini safarbar etishga ruhlantirdi.

 

Jizzax viloyat IIB axborot xizmati

Text to speech