Nohaq ayblanganlar oqlandi
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so’ng inson, uning sha’ni, qadr qimmati hamma narsadan ustuvor ekanligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Ana shunday inson qadrini himoya qilish, uning pok nomini oqlash va ro’yobga chiqarishga qaratilgan xatti-harakat Jizzax viloyat sudining hukmida ham o’z aksini topganligini kuzatishimiz mumkin.
Jinoyat ishlari bo’yicha G’allaorol tuman sudining 2020 yil 10 iyuldagi hukmiga ko’ra Z.Umurzakovaning (ism va familiyalar o’zgartirilgan, har qanday mos kelishi tasodifiy) 2019 yilning avgust-oktyabr’ oylarida Baxmal tumani Sangzor QFY CHubor qishlog’ida yashovchi, jinoiy sherigi A.Ishimov bilan oldindan o’zaro jinoiy til biriktirib, jinoiy reja tuzishib, jinoiy rejaga ko’ra, Baxmal tumanida joylashgan “CHorshanba dehqon bozori”, G’allaorol tumani “Lalmikor” nef’tbazasiga qarashli Sangzor filiali va Sangzor fermer xo’jaliklarini ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza yozib, o’zini inson huquqlari tashkilotida ishlashini aytib, Baxmal tumanidagi “CHorshanba dehqon bozori”ga borib, bozorga tushgan mollarni tegishli davlat tashkilotlarining ruxsatisiz sanoqdan o’tkazish, tuman davlat soliq inspeksiyasi bilan tekshirtirish orqali tashkilot rahbarlarini arizabozlik yo’li bilan tinchini buzish va bezovta qilish yo’li bilan jabrlanuvchilarni o’z mulki yoki mulkka bo’lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo’yish bilan qo’rqitib, noqonuniy boylik orttirish niyatini maqsad qilishgani aniqlandi.
2019 yilning avgust-oktyabr’ oylarida tuzishgan jinoiy reja asosida harakatlanib, SH.Tog’ayevning harakatlari ustidan yonilg’i mahsulotlarini noqonuniy ishlatib yuborgani va fermer ho’jaligining yeridan noqonuniy foydalangani haqida tegishli tashkilotlarga yozib, bezor qilib, unga nisbatan har xil uydirmalar to’qib, agar 80 mln. so’m pul bersa uni tinch qo’yishini aytib, jabrlanuvchini o’z mulki yoki mulkka bo’lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo’yadilar.
Bundan tashqari A.Ishimov jinoiy faoliyatini davom ettirib, 2019 yilning avgust-oktyabr’ oylarida tuzgan jinoiy reja asosida harakatlanib, sherigi Z.Umurzakova bilan bir guruh bo’lishib, o’zini inson huquqlari tashkilotida ishlashini aytib, qo’rqitib, Baxmal tumani, Sangzor SIU rahbari va Baxmal tumanida joylashgan “CHorshanba dehqon bozori” raisi vazifasida ishlovchi E.Tog’ayevning harakatlari ustidan har xil uydirmalar aytib, 07.08.2019 yilda tuman DSI xodimlarini chaqirib, bozorda monitoring o’tkazib, shuningdek, 2019 yilning 14, 21, 28 avgust kunlari tegishli tashkilotlarning ruxsatisiz bozorda mollarni sanoqdan o’tkazib, boshqa fermer xo’jaliklari rahbarlari bilan uchrashib uning ustidan tegishli tashkilotlarga yozishini aytib, ularni ham ariza yozishga jalb qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza yozib, uning fermer xo’jaligi yeri tuman hokimligi tomonidan o’z arizasi asosida davlat zaxirasiga olib qo’yilgan bo’lishiga qaramay, ongli ravishda tovlamachilik yo’li bilan noqonuniy boylik orttirish maqsadida Baxmal tumani SIU rahbari vazifasida ishlovchi E.Tog’ayevning fermer xo’jaligini olib qo’yishga vakolati yo’qligini bilgani holda “fermerlik yerimni olib qo’yib menga zarar keltirding”, degan har xil vajlarni keltirib, uning tinchini buzishda davom etib, agarda 80 mln. so’m pul bersa uni tinch qo’yishini aytib, jabrlanuvchilarni o’z mulki yoki mulkka bo’lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo’yishgan. Natijada ilojsiz qolgan E.Tog’ayev va SH.Tog’ayevlardan jami 30 mln. so’m pullarini tovlamachilik yo’li bilan olishga erishganlar.
Sudlanuvchilar shikoyatlarida sudning hukmidan noroziligi, JPKning 22-moddasi talablari buzilgani, tovlamachilik qilish va birovning pulini olish haqida til biriktirmaganliklari haqida vajlar keltirib, sudning ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmi chiqarishni so’raganlar.
Mazkur jinoyat ishi Jizzax viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko’rib chiqildi va apellyatsiya tartibidagi shikoyat jinoyat ishi hujjatlari asosida o’rganib chiqilib, dastlabki tergov harakatlarini amalga oshirgan tergov organlari va ishni birinchi instansiya sudi majlisida ko’rgan sud tomonidan ham Z.Umurzakova va A.Ishimovlarning harakatlarida tovlamachilikning qayd etilgan bironta ham belgisi aniqlanmagan bo’lsada, ular tomonidan til biriktirgan holda va guruhda tovlamachilik jinoyati sodir etilgan degan qonunsiz va asossiz xulosaga kelingan.
SHunga ko’ra, sudlov hay’ati ish bo’yicha jabrlanuvchi Tog’ayevlarning A.Ishimov va Z.Umurzakovalar faoliyatiga aralashmaslik va boshqa bezovta qilmaslik evaziga tovlamachilik yo’li bilan mulkini qo’lga kiritganligi haqida bergan ko’rsatuvlarini nomaqbul dalillar deb topib, sudlanuvchilarni O’zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandi talabiga ko’ra ularning qilmishlarida jinoyat tarkibi bo’lmaganligi sababli, ularni aybsiz deb topib, reabilitatsiya etishi lozim deb topdi.
Bundan tashqari oqlanganlarga reabilitatsiya qilinishlari munosabati bilan ularga yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyonni qoplash oqibatlarini O’zbekiston Respublikasi JPKning 304-313-moddalarida nazarda tutilgan tartibda da’vo bilan sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.
Dilshod Eshmatov,
Jizzax viloyat sudi sud’yasi.