21 Dekabr 2021 yil 659

Noqonuniy baliq ovlashga qarshi kurashilmoqda

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan muhofaza etilayotgan tabiiy hududlarda davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, noqonuniy ov, baliq ovlash, yovvoyi holda o’suvchi o’simliklarni terish-yig’ish kabi qonunbuzarliklarga qarshi kurashilmoqda. Xususan, 2020-2022 yillar davomida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan qo’shma tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida “Aydar-Arnasoy” ko’llar tizimiga tutash bo’lgan Forish, Zafarobod, Arnasoy va Mirzacho’l tumanlarida maxsus profilaktik tadbir uyushtirildi. Tadbirlarda bir qator qonunbuzarliklar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. CHunonchi, Do’stlik tumani Oqqo’rg’on qishlog’ida yashovchi fuqarodan jami 192 kg og’irlikdagi 77 dona baliq va 1 dona qayiq, baliq ovlash to’ri va qarmoqlar hujjatlashtirib olindi.

Xuddi shunday, Forish tumanining Qizilqum qishlog’ida yashovchi shaxsdan 111 kilogramm bo’lgan 390 dona, mahalladoshidan 103 kilogramm og’irlikdagi 42 dona, xonbandilik fuqaro 20 kilogramm yoki 39 dona baliqni noqonuniy ovlaganligi hujjatlashtirildi. Tadbir davomida Do’stlik mahallasi Otaqo’rg’on qishlog’i hududidan esa 16 ta qayiq va 5 ta mototransport vositasi, 5 ta “Yamaha” rusumli qayiq dvigatellari qarovsiz holda topildi.

Uchquloch mahallasida yashovchi fuqaroning yashash uyi ko’zdan kechirilganda yashash xonadonidan 20 kilogramm og’irlikdagi 69 dona, Pastki Uchquloch qishlog’ida yashovchi fuqaro ham xonadonda 50 kilogramm og’irlikdagi 201 dona baliq mahsulotlarini saqlayotgani ma’lum bo’ldi.

Zafarobod tumanida ham bir qator qonunbuzarliklarga chek qo’yildi. Xususan, o’zini xususiy korxona oshpazi deb tanishtirgan fuqaro bo’yicha olib borilgan o’rganishlar chog’ida u rasmiy tarzda korxonaga ishga qabul qilanmaganligi, baliq ovlash uchun esa hech qanday tegishli hujjatlari mavjud emasligi ma’lum bo’ldi. Ushbu shaxsdan 7 kilogramm og’irlikdagi baliq, to’r, 9 dona qayiq va 1 dona mototransport vositasi, shuningdek shaxsini aniqlash imkoni bo’lmagan fuqarolar tomonidan tashlab ketgan to’r va og’irligi 40 kilogramm bo’lgan 8 yuzi 52 dona baliqlar hujjatlashtirildi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 12 dona temir qayiqlar o’rganilganda ulardan 6 tasining hujjatlari yo’qligi ma’lum bo’ldi.

Arnasoy tumani CHinobod mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar esa “Neksiya” rusumli avtomashinada 75 kilogramm bo’lgan 56 dona baliqlarni hech qanday hujjatlarsiz olib ketayotganda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan to’xtatib qolindi. Ushbu mahalladagi yana bir xonadonda esa 29 kilogramm baliq, to’r va qarmoqlar saqlanayotgani fosh etildi.

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro ham “Neksiya” rusumli avtomashinasida 63 kilogramm baliqlarni hech bir hujjatlarsiz olib ketayotganda to’xatildi. Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro ham noqonuniy ravishda baliq ovlagan. Undan 45 kilogramm baliq, qayiq va to’r hujjatlashtirildi.

Mirzacho’l tumani Ipak yo’li mahallasida yashovchi fuqaro esa Arnasoy tuman hududidagi dala maydonida spirtli ichimlik ta’sirida o’ziga biriktirilgan qurol bilan ov qilgan. G’allaorollik fuqaroning “Damas” rusumli avtomashinasida bo’lgan Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi 5 nafar fuqarodan 68 kilogramm, Samarqand viloyati Payariq tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar mahalladoshlardan 65, Buxoro viloyati Olot tumani SHeyx mahallasida yashovchi 2 nafar yurtdoshimizdan 34, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Qoratepa mahallasida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqarodan 80 hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Bo’zotov tumani Erkindaryo ovulida yashovchi 2 nafar fuqarodan esa 87 kilogramm og’irlikdagi baliqlar hujjatlashtirildi.

Tadbir davomida ichki ishlar organlari qidiruvida bo’lgan ikki nafar qochoq ham ushlandi. Inchunin, Zarbdor tumani Ravot mahallasida yashovchi 1987 yilda tug’ilgan fuqaro viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 169-moddasi 2- qismi ya’ni, o’g’irlikda ayblanib, shu yilning 7 dekabr’ kuni qidiruv e’lon qilingan edi. Xuddi shunday, Surxondaryo viloyati Qumqo’rg’on tumanida istiqomat qiluvchi 1992 yilda tug’ilgan shaxs ham O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 167 moddasi 3- qismi ya’ni, o’zlashtirish yoki rastrata yo’li bilan talon-tarojlikda ayblanib, 9 dekabrdan qidiruvda edi. Ushbu ikkala qochoqning Mirzacho’l tumanidagi yashirin manzillari aniqlanib, qo’lga olindi.

Xullas, mazkur maxsus profilaktik tadbir davomida noqonuniy ovlangan 1 ming 91 kilogramm baliq, 43 ta qayiq, 6 ta mototransport vositasi, 73 ta to’r va qarmoqlar hujjatlashtirilgan. 12 ta avtotransport vositalari jarima maydonlariga qo’yildi.

Maxsus profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.

Text to speech