Ochiq muloqotda muammolar yechilmoqda
IIV o’rinbosari, polkovnik Yаxyojon Abdulxakov hamda viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zarbdor tumanida SHodlik, Navro’z va Do’stlik mahallalari aholisi bilan uchrashdi. Tadbirda tumandagi barcha sektorlar rahbarlari, korxona va tashkilotlar mas’ullari ishtirok etishdi. Muloqotda aholiga qulay sharoit yaratish, mahallalarni obod qilish, infratuzilmani yaxshilash, xizmat ko’rsatish darajasini oshirish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, yangi ish o’rinlari yaratish va mavjud muammolarni joyida hal qilish, ehtiyojmand oilalarga ko’mak ko’rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tilga olindi.
Bundan tashqari elektr ta’minotida vaqti-vaqti bilan kuzatilayotgan uzilishlarning sabablari tushuntirildi. Tabiiy gaz va elektr energiyasidan tejamkorlik bilan xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda foydalanish zarurligi aytildi. 3- sektorga qarashli Do’stlik mahallasi aholisini bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan ichimlik suvi bilan bog’liq masala yuzasidan ko’rilayotgan choralar ham ma’lum qilindi. O’z navbatida fuqarolar ushbu bunyodkorliklardan mamnun holda mavjud muammolarini bayon etishdi. Xususan, Do’stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Nasiba SHodmonovaning moddiy yordam ko’rsatish bo’yicha murojaati hal etiladigan bo’ldi.
Vazir o’rinbosari va boshqarma boshlig’i Zomin tumani Dashtobod dehqon bozorida yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil qilingan savdo yarmarkasini ham ko’zdan kechirishib, tadbirkorlar bilan suhbatda bo’lishdi. Aytish joiz, ushbu yarmarkada 20 dan ziyod savdo o’rinlari yaratilib, barcha turdagi qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan holda sotilmoqda. Bundan tashqari bozor ma’muriyati tomonidan asosiy turdagi qishloq xo’jaligi mahsulotlarining zahirasi shakllantirilib, narx-navoning asossiz oshib ketishining oldini olish chorasi ko’rilgan.
SHu kunlarda tumanning Baxt va Hamid Olimjon mahallalari hududini obod qilish, ko’chalarni tekslash va shag’al yotqizish, aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon bilan tanishgan viloyat IIB boshlig’i aholi bilan muloqotda mavjud muammolarga ham e’tibor qaratdi. Fuqarolarning tabiiy gaz hisoblagichlarini o’rnatish va ichimlik suvi bilan bog’liq masalalardagi murojaatlari tegishli tuman tashkilotlari tomonidan hal etilishi, ayni paytda bu borada olib borilayotgan ishlar tushuntirildi.
Qayd etish joiz, bugunga qadar ushbu mahallalarning 6 kilometrga yaqin ko’chalariga shag’al yotqizilib, eski elektr tayanch ustunlarining 61 tasi yangilandi va qisqa fursatda elektr simlari tortilishi ko’zda tutilgan. SHuningdek, bugunga qadar 2 yarim kilometr tabiiy gaz quvurlari yotqizilib, yana bir yarim kilometrlik ish qolgan. Bu ishning ham tez kunlarda hal etilishi bilan fuqarolarning tabiiy gaz bilan bog’liq masalasi yechiladi. Kundalik iste’molda muhim o’rin tutgan ichimlik suv ta’minoti yaqin kunlarda bartaraf etiladi. Hozirda bu boradagi ishlar so’nggi bosqichda.
Ta’kidlash joiz, tuman yo’llardan foydalanish unitar korxonasining maxsus texnikalari yordamida mahalla ko’chalariga shag’al yotqizish ishlari jadal davom ettirilmoqda. O’zbekiston mahallasidagi 91 ta eski elektr tayanch ustunlari yangisiga almashtirilayapti. Tez kunda bu ish ham nihoyasiga yetkaziladi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati