2 Avgust 2024 yil 2714

Sayyor o`quv kursi tashkil etildi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligining “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi maxsus o`quv kurslarini o`tkazish rejasi”ga asosan sayyor o`quv kursi tashkil etildi.

O`quv mashg`uloti avvalida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig`matilla Yo`ldoshev hamda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov o`quv kursi ochilishi munosabati bilan video-murojaat yo`llab, ma’ruzachi va tinglovchilarni qutlashdi.

Seminarda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazi hamda O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi mas’ullari, mutaxassislar, O`zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV Akademiyasi, IIV Malaka oshirish instituti professorlari tomonidan ma’ruzalar qilindi.

Xususan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar, qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokoli, qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot, qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya mazmun-mohiyati, kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O`zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo`llanilishi, qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari haqida tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari voyaga etmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar, Nelson Mandela qoidalarining mazmuni, ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari, O`zbekistonda jazoni ijro etish tizimini isloh qilish jarayonlari va mahkumlarning huquqlari ham etkazildi. Mashg`ulotlarda olingan bilimlar amaliy mashg`ulotlarda mustahkamlab borildi. Yakunda tinglovchilardan sinovlar olinib, xodimlarga sertifikatlar topshirildi.

Text to speech