O’g’rilar ushlandi
SHu yilning 27 mart kuni Jizzax shahri Sayiljoyi mahallasida yashovchi F.R. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi navbatchilik qismiga qo’ng’iroq qilib, uyida o’g’irlik yuz berganligini ma’lum qildi. Voqea joyini o’rgangan ichki ishlar organlari xodimlari jinoyatchilar ikki kishi ekanligi hamda ular turar joyga devordan oshib kirganliklarini aniqladilar. Qisqasi, uyda hech kim yo’qligidan foydalangan o’g’rilar jabrlanuvchining yotoqxonasidagi javonda bo’lgan 866 ming so’m pul, tilla uzuk, modem, uyali aloqa vositasini quvvatlovchi qurilma hamda 2 dona eshik kalitini olib chiqib ketishgan.
Jinoyat ishi qo’zg’atilib, soha xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida mazkur qonunbuzarlikni 20 yoshli yigit va qiz, SHarof Rashidov tumaning Qahramon mahalla fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi B.H. hamda Jizzax shahri Zilol mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Z.M. sodir etganligi aniqlandi. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu jarayonda ayblanuvchilar nima maqsadda jinoyatga qo’l urganliklarini tushuntirib berishlari lozim bo’ladi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.