Qonuniylikni ta’minlash yo’lida
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlarida xizmat intizomini mustahkamlash va qonuniylikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. SHu ma’noda, sohaviy xizmatlar, shahar va tuman ichki ishlar bo’limlarida xodimlar hamda ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o’tkazilayapti.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasida o’tkazilgan yig’ilishda el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdek mas’uliyatli vazifalarni yuqori saviyada, aniq va o’z vaqtida bajarish – ichki ishlar organlari xodimlaridan teran bilim va kasbiy mahoratni, sadoqat va halollikni, muhimi yuksak ma’naviyatli bo’lishni talab etishi ta’kidlandi. SHuningdek, soha olib borilayotgan islohotlar, xodimlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida ham so’z bordi. Xizmat faoliyatini samaradorligini oshirish maqsadida yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lum berildi.
Yig’ilishda, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash, kuzatilayotgan ba’zi nuqsonlarni bartaraf etishga doir taklif va mulohazalar bildirildi. Tadbir davomida xodimlarning yaqinlari va oila a’zolari patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasida yuzaga keltirilgan sharoitlar bilan ham tanishishdi.
Xuddi shunday, Forish tumanida ham xodimlar va ularning yaqinlari ishtirokida tadbir o’tkazildi. Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiya hamda kadrlar bilan ta’minlash sohasidagi ishlarni 2022 yilda jadal rivojlantirishga oid manzilli chora-tadbirlar to’g’risida”gi buyrug’i asosida tashkil etilgan yig’ilishda ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, yangilik va o’zgarishlar qayd etildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 8 fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori asosida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligi oshirilishi, xodimlar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoya qilinishi aytildi. Bundan tashqari, xodimlarning kasbiy ko’nikmalarini, fuqarolar bilan muomala madaniyatini yanada yaxshilash, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga yo’l qo’ymaslik zarurligi uqtirildi.
Uchrashuvlarda faoliyatida namuna ko’rsatgan xodimlarning ota-onasi va yaqinlariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining tashakkurnomasi topshirildi.