“Oqtom”da yoshlarga mini-futbol maydoni foydalanishga topshirildi
Forish tumani “Oqtom” mahallasi yoshlari o’zlarining mini-futbol maydoniga ega bo’ldi. Ushbu masala Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, 3- sektor rahbarining tumanda o’tkazgan uchrashuvida ko’tarilgan edi. O’tgan yilning oktyabr’ oyida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, 3- sektor rahbari forishlik yoshlar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni o’rgangan edi.
Ushbu tadbirda yoshlar bir qator masalalarni bayon qildi. Ular qatorida Aziz YAxshilikov hududda mini-futbol maydoni qurishda amaliy yordam so’radi. Mazkur masala yuzasidan zarur choralar belgilanib, mutasaddilarga aniq topshiriq berildi. O’tgan davr mobaynida yosh tadbirkorning tashabbusi va amaliy sa’yi-harakati sektor tomonidan qo’llab-quvvatlandi va tijorat bankining kredit mablag’i ajratilishiga erishildi. Natijada 50 million so’m mablag’ evaziga tashlandiq yerda “Oqtom” mahallasi yoshlari uchun mini-futbol maydoni bunyod etildi. Sport maydonchasi ochilishda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, tuman faollari va jamoatchilik, sektor mas’ullari ishtirok etdilar. Tantanali ravishda ramziy bog’ich qirqilib, dastlabki futbol musobaqasiga start berildi.
Tadbirda boshqarma boshlig’i yurtimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor, ularga berilayotgan imkoniyatlar xususida to’xtaldi. Mazkur futbol maydoni hudud yoshlarining bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishlari, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishlari, ommaviy sport turlarini yanada ommalashtirishda muhim o’rin tutishi ta’kidlandi. SHuningdek, viloyat 3- sektori tomonidan sport anjomlari va kiyimlari topshirildi. Tadbir sport bellashuviga ulandi.
YAngi mini-futbol maydonida o’tkazilgan dastlabki musobaqada tuman ichki ishlar bo’limi hamda boshqa tashkilot va idoralar, mahalla aholisidan iborat 10 dan ziyod jamoalar o’zaro bellashdilar. Har bir uchrashuv qiziqarli kechdi. Bu kabi musobaqalar doimiy uyushtirilib, sportning futbol turini yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.