25 Oktyabr 2024 yil 3272

Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning 25 oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Qadrli hamkasblar, aziz faxriylar, yurt tinchligi va el osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli mas’uliyatni zimmasiga olgan fidoyi do`stlar! Barchangizni bugungi qutlug` sana — 25 oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan chin dildan tabriklayman! 

Ayni qutlug` ayomda har biringiz jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga hayotingizni bag`ishlashga shay ekanligingizni xalqimiz yurakdan his etishini, shunga yarasha qadrlashini eslatib o`tmoqchiman. Zero Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo`lsin”, degan talabi Yangi O`zbekiston ichki ishlar organlari xodimlarining hayotiy shioriga aylangan. 

Yana shunisi aniqki, tizim moddiy-texnik bazasi izchil takomillashmoqda. Birgina misol: o`tgan 8 yil mobaynida viloyat IIB navbatchilik qismi, ekspert-kriminalistika markazi, jamoat tartibini saqlash boshqarmasi va patrul-post xizmati, G`allaorol, Paxtakor va Do`stlik tumanlari ichki ishlar bo`limlari kabi 15 ga yaqin bino va inshootlar kapital ta’mirdan chiqarildi.

Xususan, shu yilning o`zida Zomin tumani IIB xavfsiz turizmni ta’minlash bo`limi qurilib, ishga tushirildi. Bundan tashqari, tez kunlarda Paxtakor tumani IIB hududida barpo etilgan bir qator qo`shimcha binolar hamda Sharof Rashidov tumanida soha vakillari uchun qurilgan 54 ta turar joy foydalanishga topshiriladi. Yaqin kelajakda Jizzax shahri, Sharof Rashidov va Baxmal tumanlari IIB binolarini kapital ta’mirlash hamda Yangiobod tumani IIB binosini yangidan qurish rejalashtirilgan.

Xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash, maxsus hamda xizmat texnikalari, yarog`-aslahalar ta’minoti borasidagi o`zgarishlar ham havas qilgudek.  Tabiiyki, yaratilayotgan bu kabi sharoit va imkoniyatlar muqaddas burchimizni fidoyilik bilan bajarishga undaydi.

Aziz do`stlar!

Barchangizni, shu jumladan, xizmat davomida halok bo`lgan hamkasblarimizning oila a’zolarini yana bir bor Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman. Mustahkam sog`lik, baxt-saodat, uzoq umr, fayzu baraka ayrilmas yo`ldoshingiz bo`lsin. Jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek mas’uliyatli va sharafli xizmatingizda zafarlar tilayman.

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo`lsin!

Text to speech