14 Aprel 2023 yil 838

Osoyishtalikni ta’minlash yo’lida

Mamlakatimiz rahbarining 2017 yil 14 mart kungi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga asosan Jizzax viloyati IIB tomonidan viloyatda “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirlari o’tkazildi. Keng qamrovli tadbir avvalida viloyat IIB mas’ullari xizmatga jalb etilgan xodimlarga jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jilovlash, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligi hamda xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibni saqlash yuzasidan ko’rsatmalar berildi.

Ushbu topshiriqlar asosida viloyat IIB JXX JTSB xodimlari tomonidan aholi o’rtasida targ’ibotlar bilan birga profilaktik tadbirlar o’tkazildi. Xususan, Jizzax shahri hududidagi oliy ta’lim muassasalarida talabalarning darslarga qatnashishi, ko’cha va jamoat joylarida huquqbuzarlik, ayniqsa sovuq qurol yoki hayot va sog’liq uchun xavfli buyumlarni olib yurmasliklari o’rganildi. SHuningdek, xodimlar yoshlar tungi vaqtlarda bemaqsad yurmasliklari, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrarligi, vaqtincha turar joylarida ro’yhatdan o’tish tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.

SHu kuni ayollar va xotin-qizlar o’rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ular bandligini ta’minlash, sog’lom turmush tarziga yo’naltirish, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish bo’yicha manzilli ishlar ham olib borildi.

Bundan tashqari, jamoat joylarida jinoyatlar sodir etilishining sabab va sharoitlari o’rganilib, shu kabi qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ko’cha va aholi gavjum maskanlarda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan hamda shubha uyg’otgan shaxslar bilan hududiy ichki ishlar bo’limlari va tayanch punktlarida profilatik suhbatlar qilindi.

Jarayonda aholi muammolariga ham e’tibor qaratildi. Mavjud masalalarni aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari ko’rildi.

Text to speech