Osoyishtalikni ta’minlash yo`lida
Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi viloyat boshqarmasi boshlig`i, polkovnik Lochinbek Yaxshilikov bilan Zarbdor tumanida tungi xizmat jarayoni va jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o`rgandi. Xususan, Shodlik mahallasida tuman sektorlar rahbarlari hamda mahalla beshligi ishtirokida xavfsiz muhitni yaratishning bugungi ahvoli muhokama qilindi. Tadbirda xotin-qizlar va yoshlar jinoyatchiligining oldini olish, ularning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga diqqat qilindi.
Shuningdek, oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning oldini olish, keng jamoatchilik ishtirokida jinoyatlar muhokamasini, savdo do`konlari hamda aholi xonadonlari qo`riqlovini tashkil etish, kuch va vositalardan samarali foydalanish, osoyishtalikni ta’minlash bo`yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi. Tadbir davomida mahalla hududidagi 1-son umumta’lim maktabida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham ko`zdan kechirildi. Jarayonda aholi o`rtasida yong`in keltirib chiqaruvchi omillarga befarq bo`lmaslik, is gazidan zaharlanish bilan bog`liq ko`ngilsiz holatlarning oldini olishga qaratilgan targ`ibot tadbirlarini kuchaytirish lozimligi aytildi.
Xuddi shunday, tumanining Oybek MFY faollari bilan mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog`lomlashtirish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli maqsadga yo`naltirish borasidagi ishlar tahlil qilindi. Bundan tashqari kelgusida hududda huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish va aholi uchun xavfsiz hudud yaratish, jamoat tartibi va osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning mol-mulki daxlsizligini ta’minlash bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.