Osoyishtalik yo’lida
Xizmat avtomashinalarining sozligi ish unumini oshirish, belgilangan vazifalarni samarali ado etish imkonini beradi. SHu ma’noda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasidagi mavjud xizmat avto va moto transportlarning texnik holatiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Yo’nalishlarda patrullikni amalga oshirish oldidan xizmat avtotransport vositalari texnik ko’rikdan o’tkaziladi va haydovchilarning hujjatlari ko’zdan kechiriladi.
Aytish joiz, yangi yil bayrami arafasida Jizzax shahar hududida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan kunduzgi va tungi patrullik harakatlanish rejasi ishlab chiqilgan. Xizmatga jalb etilgan xodimlarga kunlik yo’riqnoma o’tkazilib, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish, ro’y berganlarini issiq izida fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo’yicha tushuntirishlar beriladi. SHuningdek, xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo’lish kerakligi uqtiriladi.
Ta’kidlash joiz, Jizzax shahridagi barcha mahallalarda patrullik xizmatini o’tash uchun 8 ta piyoda hamda 12 ta avto-patrul’ yo’nalishlari tashkil qilingan. SHuningdek, bayram munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy tuzilmalari xodimlaridan iborat qo’shimcha patrul’-post naryadlari faoliyati yo’lga qo’yilgan.
Joriy yilning o’tgan davrida xizmatga jalb etilgan xodimlar tomonidan shaxsini aniqlash va tekshirib ko’rish maqsadida hududiy ichki ishlar organlari va tayanch punktlariga olib kelingan fuqarolarning 344 nafari ish va yashash joyi noaniqligi bois reabilitatsiya qilish markaziga, spirtli ichimlik iste’mol qilganligi sababli 1 ming 39 nafari viloyat narkologiya dispanseriga joylashtirildi. SHuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 11 mingdan ziyod fuqarolarga profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, sohaviy xizmat xodimlari bilan hamkorlikda 45 ta jinoyat fosh etildi va 16 nafar jinoyat sodir etib tergov va sud idoralaridan yashirinib yurgan shaxslarning yashirin manzili aniqlanib ushlandi, 2 nafar bedarak yo’qolgan shaxslar topilib, uylariga qaytarilgan.