26 Mart 2021 yil 945

Osoyishtalikni ta’minlashda yoshlar mas’uliyati oshiriladi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, polkovnik Jo’rabek Avazov zominlik yoshlar bilan uchrashdi. YOshlar jinoyatchiligining oldini olish, ularning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirda ulg’ayayotgan avlod vakillarining muammolari o’rganilib, hal etish choralari belgilandi.

Bugungi kunda Zomin tumanida 33 ming nafardan ziyod yoshlar istiqomat qiladi. Joriy o’quv yilida ushbu yoshlarning 3 ming 900 dan oshig’i o’rta umumta’lim maktablari, professional va oliy ta’lim muassasalarini tamomlaydi. SHuningdek, ularning 142 nafari xorijga ishlash yoki o’qish istagida chiqib ketgan. Ijtimoiy himoyaga muxtoj va nogironligi bo’lgan yoshlar soni 550 nafarni tashkil etadi.

Aytish joiz yoshlarni ish bilan ta’minlash, hunarga o’rgatish borasida tumanda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. CHunonchi, “YOshlar daftari”ga kiritilgan 9 yuz nafardan ziyod yoshlarning bugunga qadar 63 nafari ish bilan ta’minlandi. Ammo joriy yilning o’tgan davrida tuman yoshlari ishtirokida 2 ta yo’l transport hodisasi, shuningdek 2 ta iqtisodiy jinoyat qayd etilgan. Bundan tashkari yoshlar 231 ta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishgan.

Zomin tumani yoshlar markazida “Tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda yoshlar mas’uliyati” mavzuida tashkil etilgan uchrashuvda tumanda ro’y bergan qonunbuzilishlar, ularning oqibatlari tilga olindi. Nojo’ya ishlarga qo’l urmaslik, huquqlarni bilish bilan birga majburiyatlarni ham unutmaslik kerakligi uqtirildi. Yig’ilishda yoshlar ayni kunlarda mamlakatimizdagi barcha mahallalarda o’tkazilayotgan milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligida faol ishtirok etishga chaqirildi. Haftalik doirasida o’tkaziladigan milliy o’yinlari, ommaviy sport musobaqalari, ko’rik-tanlovlarda qatnashib, iqtidor va iste’dodlarini namoyon qilishlari zarurligi bildirildi.

Xuddi shunday, Paxtakor tumani ichki ishlar bo’limi boshlig’i ham yoshlar bilan uchrashdi. “Mening mahallamda jinoyat sodir bo’lmasligi kerak” mavzuidagi tadbirda yoshlar o’rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning jamiyatda o’z o’rinlarini topishlariga ko’maklashish borasida so’z yuritildi. Joriy yilning dastlabki ikki oyida yoshlar ishtirokida ro’y bergan jinoyatlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlandiki, tuman yoshlari tomonidan 4 ta jinoyat, 176 ta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan. Yig’ilishda shu kabi qonunbuzilishlar oqibatlari tushuntirildi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 11 martdagi yig’ilishida belgilangan reja asosida o’tkazilayotgan mazkur haftalik jamiyatda ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va ularni qo’llab-quvvatlash samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Jizzax viloyat IIB axborot xizmati

Text to speech