20 Iyul 2023 yil 499

Otamizdek bo’lib qolgan

Uyli-joyli bo’lish oson emas. Ba’zan bunga bir insonning umri ketadi. To’g’ri, mablag’ bo’lsa, turar joy qurish, juda bo’lmasa sotib olish qiyin emasdir. Ammo bu ish qo’limizdan hali-veri kelmasligi aniq edi. Chunki turmush o’rtog’im insul’t olgan, tez-tez hushidan ketadi. Bunday paytlarda o’zim bir amallab uyga olib kiraman, hushiga kelguncha boshida turaman. Bormagan shifoxonamiz qolmadi.

Ikki farzandimiz bilan vaqtincha qurilgan ikki xonali uyda yashardik. Tomidan suv o’tardi. Sharoitimizdan xijolatga tushgan paytlarimiz ko’p bo’lgan. Turmush o’rtog’imning otasi 2 yoshida o’tib ketgan, men esa otamni ko’rmaganman. Qisqasi, uy quraman, desang odamlar kuladigan ahvolda edik. Hech kimdan yordam ololmadik. Ko’mak berish o’rniga o’zimizni ayblaganlar, idorasi eshigini yopib qo’yganlar bo’ldi.

Lekin dunyoda yaxshi odamlar bor ekan. 2021 yilning aprel’ oyida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i mahallamizda sayyor qabul o’tkazishini eshitganimda quvonib ketdim. Chunki hamqishloqlarimdan bu odamning hech kimdan yordamini ayamasligini eshitgandim. Alloh ko’nglimga solgan ekan, qabul davomida holimni bayon qilishim bilan “YOrdam beramiz”, dedi.

Keyin uyimizda qurilish boshlanib ketdi. 70 ta shifer, eshik, deraza va boshqa zarur mahsulotlarni keltirishdi. Tez kunda poydevor quyishdi, devor ko’tarila boshlandi. Mos ravishda bizning ham ko’nglimiz ko’tarilib boraverdi. Ustalar tomgacha yopib, uy ichlarini ta’mirlab berdilar. Tuman ichki ishlar bo’limidagilar, profilaktika inspektori uy bitguncha har kuni xabar olib turdi. Hozir boshqalarnikidan qolishmaydigan 4 xonali uyimiz bor.

Ochig’i, bunaqa yaxshi odamni ko’rmaganman. Hozir mahallamizga biror rahbar kelganligini eshitib qolsam, chopib chiqaman, general bobo bo’lsa, bir og’iz rahmat aytayin deb. Bu odam men va turmush o’rtog’im uchun otamizdek bo’lib qolgan. 

Shu o’rinda oddiy odamlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlayotganligi uchun, qolaversa elga qayishadigan insonni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasiga rahbar etib tayinlagani uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Ikki nafar farzandimiz bor, ularning ham quvonchi cheksiz.

Aytgancha, turmush o’rtog’im obodonlashtirish boshqarmasida ishlayapti. Hayotimiz asta-sekin o’nglanib bormoqda. Ochig’i, muammolarimiz yo’q emas. Ammo G’ayrat Qodirovga o’xshagan insonlar bor ekan, qiyinchiliklarni, albatta yengamiz.

 

Gavhar AVAZOVA,

Jizzax viloyati Baxmal tumani

Fidokor mahalla fuqarolar yig’ini.

Text to speech