Ovchilar ishtirokidagi profilaktik tadbir
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari Mirzacho’l tumanida ov quroliga ega fuqarolar bilan uchrashdilar.
Yig’ilishda O’zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo’jaligi to’g’risida»gi Qonuni va qarorlarning mazmun mohiyati haqida so’z bordi. Xususan, o’q-otar ov quroliga ega shaxslar ov qurolini qonunda belgilangan tartibda saqlashi, olib yurishi, ov qilish tartiblari va xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari zarurligi uqtirildi.
SHuningdek, ov qilish jarayonida ov qilinishi lozim bo’lgan hayvonlarni otish uchun ovchilik va baliqchilik jamiyatidan xar bir hayvon uchun badal to’lanishi, ruxsatnoma olib keyin ovga chiqilishi, atrof sinchkovlik bilan o’rganilib, begona fuqarolar yo’q bo’lgandagina ov qilishlari, qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlamasliklari qayd etildi.
Tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy o’qotar qurollar va o’q-dorilarni o’z xohishi bilan topshirgan fuqarolar javobgarlikdan ozod qilinishini tushuntirishdi. Bundan tashqari, aholi orasida pnevmatik o’qotar qurollarni ro’yxatga qo’yish, aks holda javobgarlik muqarrarligi yetkazildi. Uchrashuvda qatnashchilar soha mas’ullaridan o’zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.