Ovchilarga huquqiy tushuntirish berildi
Do’stlik tumanida ov quroliga ega fuqarolar bilan uchrashuv o’tkazildi. Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari ovchilar ov qurolini saqlash va xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari lozimligini tushuntirishdi.
Do’stlik tumani ichki ishlar bo’limi tomonidan tashkil qilingan tadbirda 2020 yil 8 iyuldagi O’zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo’jaligi to’g’risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Fuqaroviy qurol va xizmat quroli sohasidagi ayrim normativ huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to’g’risida”gi, “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi hamda “O’zbekiston Respublikasi davlat o’q-gil’zotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorlarining mazmun mohiyati tushuntirildi.
SHuningdek, o’q-otar ov quroliga ega shaxslar ov qurolini belgilangan tartibda saqlashlari, olib yurish, ov qilish tartiblari va xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari zarurligi uqtirildi. Ov quroli va o’q dorilar begona shaxslar, qurol egasining oila a’zolari, ayniqsa yosh bolalarning qo’liga tushmaydigan va foydalanish imkonini bermaydigan sharoitda saqlanishi lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida ov jarayonida ov qilinishi lozim bo’lgan hayvonlarni otish uchun ovchilik va baliqchilik jamiyatidan har bir hayvon uchun badal to’lanishi, ruxsatnoma olib keyin ovga chiqilishi, atrof sinchkovlik bilan o’rganilib, begona fuqarolar yo’q bo’lgandagina ov qilishlari, qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlamasliklari qayd etildi. Bundan tashqari, o’q otar qurol savdosi va ov qilish qoidalarini buzish bilan bog’liq qonunbuzarliklar aks ettirilgan videolavha namoyish etilib, ov qilish tartib qoidalari ko’rsatib o’tilgan bukletlar qonuniy ov quroliga ega bo’lgan ovchilik va baliqchilik jamiyati a’zolariga tarqatildi.
Tadbir davomida tuman birlashmasi tomonidan ovchilik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslar tibbiy ko’rikdan o’tkazildi. SHifokorlar tomonidan zarur ko’rsatmalar berilib, o’z salomatliklarini asrashlari, o’z vaqtida ko’rikdan o’tish lozimligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda tumanda istiqomat qiluvchi 79 nafar fuqaro ovchilik bilan shug’ullanadi. Tuman ichki ishlar bo’limi mas’ullari tomonidan ular bilan doimiy profilaktik suhbatlar olib borilib, belgilangan tartibga rioya etmaganlariga nisbatan jazo choralari qo’llanilmoqda.
Joylarda o’tkazilayotgan bu kabi tadbirlar ov qilish qoidalariga rioya qilishi, oq otar-qurollarni saqlash va undan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.