O’zgalar yordamiga muhtoj qariyalarga ID kartalar rasmiylashtirilmoqda
Bugun deyarli har bir sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilindi. Xususan, identifikatsiya ID kartalarni rasmiylashtirishda ham maxsus mobil qurilmalardan foydalanmoqda. Bu o’z navbatida aholiga qulaylik yaratish, inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo’yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aytish joizki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 sentyabrdagi “O’zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni asosida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi maxsus mobil qurilma bilan ta’minlandi. Ushbu qurilmalar orqali o’zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va sog’lig’ining holatiga ko’ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo’lgan shaxslarning uylariga borib, identifikatsion ID kartalar rasmiylashtirilayapti. Bu ishlar byudjetdan tashqari pensiya jamg’amasi shahar va tuman bo’limlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerak, ID karta olish uchun fuqaro yoki qonuniy vakilning murojaati asosida viloyat ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mas’ul xodimi o’n besh kun muddatda ushbu shaxsning manziliga borgan holda hujjatlarni rasmiylashtiradi. Albatta bunday qulayliklar aholiga davlat xizmatlari ko’rsatishni yanada yaxshilash imkonini berayapti.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati